Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Vaksina, uning turlari va COVID-19 ga qarshi yaratilayotgan vaksinalar haqida…

Vaksina, uning turlari va COVID-19 ga qarshi yaratilayotgan vaksinalar haqida…

Vaksina – biron antigenga (mikrobga) nisbatan orttirilgan immunitet paydo qiluvchi biologik dori.

Vaksina odatda kasallik chaqiruvchi mikroorganizmni eslatuvchi agentdan iborat bo‘ladi.

Vaksina o‘lik yoki kuchsizlantirilgan mikroorganizm yoki uning toksini yoki ustki oqsil qobig‘idan tayyorlanadi.

JSST ning ma’lumotga ko‘ra, emlash orqali har yili tahminan 2-3 mln o‘lim holati oldi olinadi. Shu bilan birga, katta iqtisodiy yo‘qotishlarni ham.

Vaksinani ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish bosqichlari:

1. Birinchi bosqichda qo‘zg‘atuvchining boshlang‘ich laborator sinovlari o‘tkaziladi va vaksinaning dastlabki modeli aniqlanadi.

2. Ikkinchi bosqichda tadqiqot hujayra ichida (in vitro) va hayvonlarda o‘tkaziladi (in vivo). Bunda:

* Preparatning xavfsizligi va samaradorligini baholanadi.

* Jiddiy nojo‘ya ta’sirlari aniqlanadi.

* Qabul qilish mumkin bo‘lgan maksimal doza aniqlanadi.

3. Uchinchi boskich – Klinik bosqich, sinovlar odamlarda o‘tkaziladi va 3ta klinik fazadan iborat buladi:

1- fazada salomatligi yaxshi bo‘lgan 100 ga yaqin odam qatnashadi. Bu fazada asosiy aniqlanadigan narsa vaksinaning jiddiy nojo‘ya ta’siri hisoblanadi. Undan tashqari vaksinaning samaradorligi va immun javob hosil qilish shakli o‘rganiladi.

2- fazada 100 nafardan 1000 nafarga odam qatnashadi. Tadqiqot davomida preparatning reaktogenligi (qo‘shimcha nojo‘ya ta’sirlari) tekshiriladi va to‘g‘ri doza aniqlanadi.

3- fazada o‘n minglab odamlar jalb qilinadi. Bunda tadqiqotchilar infeksiyaning tarqalish tezligini hisobga olgan holda, vaksinaning naqadar samarali ekanligini aniqlaydilar. Emlangan ko‘ngillilarning kasallik yuktirishini kutadilar. Nomzod-vaksinani plasebo-vaksina bilan taqqoslaydilar. Bu faza juda ko‘p vaqt, mablag‘ va jiddiy tahlil talab etadi.

Ba’zi hollarda sinov vaqtini qisqartirish uchun bir necha sinov fazalari bir fazaga birlashtiriladi.

4- va 5-bosqichlar vaksinani sertifikatlash, ro‘yxatdan o‘tkazish, sifatini nazorat qilish va kechki nojo‘ya ta’sirini aniqlash kabi ma’muriy jarayonlardan iborat.

Vaksinaning samaradorligi yuqorida aytilgan bir qator omillarga bog‘liq.

Vaksinalarning tasnifi:

– Virusga qarshi

– Bakteriyaga qarshi

Antigen materialiga ko‘ra tasnifi:

* mikroblar yoki viruslarning zaiflashgan, ammo jonli shtammlarini tutuvchi vaksinalar – atteunirlangan vaksinalar;

* mikroblar yoki viruslarni o‘ldirilgan (inaktivlangan) shaklini tutuvchi vaksinalar;

* mikroorganizmlarning anatoksinlari (zaiflashgan toksinlar)ni tutuvchi vaksinalar;

* sintetik, shu jumladan, gen injeneriyasi yo‘li bilan olingan hamda molekulyar vaksinalar.

Polivalent va kombinasiyalashgan vaksinalar ham mavjud.

COVID-19 ga qarshi vaksinalar:

Ayni paytda dunyoda vaksinani rivojlantirish bilan yuzlab laboratoriyalar shug‘ullanmoqda. Ulardan 140 tasi preklinik bosqichda va 20 tasi odamlarda sinashni boshladi va sanoqli qismi klinik bosqichning 3 chi fazasiga o‘tganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.

1. Zaiflashgan, ammo tirik SARS-CoV-2 virusiga asoslangan vaksina.

Bunday vaksina bilan emlangan odam asl virusni yuqtirganda, uning immun tizimi kasallik bilan uchrashishga va kurashishga tayyor bo‘ladi. Bunday emlashda immunitet uzoq davom etadi. COVID-19 holatida bu juda muhim. Lekin bunday vaksina yaqinda paydo bo‘lmaydi. “Tirik” vaksinaning kamchiligi tomoni shundaki, virus mutasiyaga uchrab qayta jonlanishi mumkin.

Zaiflashgan virusga asoslangan vaksinani ishlab chiqishni Amerikaning Codagenix kompaniyasi (Hindistonning zardoblar instituti bilan hamkorlikda) tomonidan amalga oshirilmoqda.

2. Inaktivlangan vaksina.

Inaktivlangan (o‘ldirilgan) viruslarni o‘z ichiga olgan vaksina — ya’ni hujayralarni zararlay olmaydigan viruslar. Bu eski usul. «O‘lik» viruslar ham immun javob uyg‘otishi mumkin.

Biroq, bunday vaksinalar ikkita kamchilikka ega. Birinchidan, bunday vaksinalar uyg‘otgan immun javob juda zaif bo‘ladi. Shuning uchun, qo‘shimcha «immun javob kuchaytirgichlar» qo‘shish kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, olingan immun javob barqaror bo‘maydi, takroriy emlash kerak bo‘ladi.

Inaktivlangan vaksinalar «tirik» lardan ko‘ra xavfsizroq — chunki ular mutasiyaga uchrab qayta tirilmaydi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita xitoylik ishlab chiqaruvchilar bu turdagi vaksinani yaratishda ilg‘orlik qilishmoqda.

Sinopharm birdaniga ikkita vaksina tayyorlamoqda.

Birinchi, Uxan biologik mahsulotlar instituti (Wuhan Institute of Biological Products) bilan hamkorlikda yaratilayotgan vaksina;

ikkinchisi, Pekin biologik mahsulotlar instituti (Beijing Institute of Biological Products) bilan hamkorlikda yaratilayotgan vaksina.

Sinovac kompaniyasi ham Amerikaning Dynavax kompaniyasi bilan hamkorlikda inaktivlangan vaksina yaratmoqda.

3. Vektorli vaksinalar

SARS-CoV-2 genomining kichik bir bo‘lagi butunlay boshqa viruslar (masalan, adenoviruslar)ga o‘rnatiladi. Bunday genetik o‘zgartirilgan virusli vaksina SARS-CoV-2 ning oqsillariga nisbatan taxminan «tirik» virusli vaksinalar kabi immun javob qo‘zg‘atadi. Vektor vaksinalarning afzalligi shundaki, ular mutasiyaga uchramaydi va qayta jonlanmaydi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita kuchli kompaniya vektor-virusli vaksinalar ustida ishlayapti.

Xitoyning CanSino Bio kompaniyasi Pekin biotexnologiyalar instituti bilan birgalikda modifikasiyalangan 5-tip adenovirusga asoslangan Ad5-nCoV vaksinasini ishlab chiqmoqda.

Ikkinchisi, Angliyaning Oksford universiteti tomonidan AstraZeneca bilan hamkorlikda modifikasiyalangan shimpanze adenovirusi asosida ishlanayotgan ChAdOx1 vektor vaksinasi ishlab chiqilmoqda.

4. Nuklein kislota (DNK va RNK) asosidagi vaksinalar

– DNK-vaksina virusning DNK sidan tayyorlanadi.

Emlanish natijasida virusning DNK molekulasi odam hujayrasidagi genom tarkibiga kiradi. Natijada unga nisbatan immun javob hosil bo‘ladi.

Afzalliklari vektor-vaksina bilan bir xil: nisbatan barqaror, lekin to‘laqonli virusdan iborat bo‘lmagani uchun tabiiy kamchiliklardan holi sanaladi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Inovio Pharmaceuticals (Pensilvaniya, Aqsh) kompaniyasi INO-4800 DNK-vaksinasi ustida ish olib bormoqda.

– RNK-vaksina virusning matrik-RNK (mRNK)sidan tayyorlanadi.

mRNK va uning lipid zarrachalari virus bilan juda o‘xshashligi tufayli to‘g‘ridan-to‘g‘ri immun javob qo‘zg‘ata oladi. Shuning uchun, RNK-vaksina chaqirgan immun javob tezroq va kuchliroq bo‘lishi ehtimoli bor. Bundan tashqari qisqa mRNK juda oddiy molekuladir. Uni nisbatan tez va arzon yaratish mumkin.

Bu mutlaqo yangi vaksina.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ikkita kompaniya RNK-vaksina yaratishda oldinda ketmoqda va katta yutuqlarga erishgan:

Amerikaning BioNTech kompaniyasi farmasevtika giganti Pfizer bilan shartnoma imzolagan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ularning mRNK-vaksinasi 2020 yilning kuziga qadar tayyor bo‘lishi mumkin.

Amerikaning «Moderna» kompaniyasi ham Vaksinalar ilmiy-tadqiqot markazi (NIAID) bilan hamkorlikda mRNK-1273 deb ataluvchi vaksina ustida amaliyotlarni yakunlayapti. Vaksina ikki xil dozada bo‘lishi aytilib 50 va 250 mkg, ehtimol, shu dozalarda samarador bo‘lgan.

Bundan tashqari, Rossiya biotexnologiyalar kompaniyasi BIOCAD ham RNK-vaksinasini 3 xil dozada ishlab chikarayotgani haqida ma’lum qilgan.

5. Peptid vaksinalar

Oqsilga asoslangan vaksinalar virusning oqsilli «bo‘laklari»dan (antigenlardan) tayyorlanadi.

Bunday vaksinalar xavfsizligi bilan farqlanadi, shuning uchun, bunday vaksinalarni tezda sinovlardan o‘tkazib erta iste’mol uchun qo‘yish mumkin.

Kamchiligi, vaksina uchun yetarli bo‘lgan oqsilni olish juda qiyin va qimmatga tushadi. Bundan tashqari, barqaror immunitet hosil qilmaydi (inaktivlangan vaksinalar kabi).

JSSTga ko‘ra, Sanofi kompaniyasi oqsilli vaksina ustida ish olib bormoqda, lekin hali umid beruvchi natijalarga erishmagan.

COVID-19 ga qarshi vaksina yaratishda muvaffaqiyatga erishayotgan mamlakatlar:

BUYUK BRITANIYA.

Yuqorida ChAdOx1 nCoV-19 vektor-vaksinasi xaqida aytib o‘tildi. Uni Vaksinalar Tadqiqot Institut 3.5 oy ichida ishlab chiqdi.

Tadqiqotda 1100 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Yakuniy natija olishga 2 oydan 6 oygacha vaqt ketadi.

Olimlar bu vaksinaning muvaffaqiyatiga shunchalik ishonishyaptiki, vaksinani ommaviy ishlab chiqarishga qo‘yib yuborishdi. Sentyabrgacha 2 mln doza ishlab chiqarishni reja qilishyapti. Keyin esa yana tezlashtiriladi. Hozirdan ko‘p mamlakatlar bilan shartnomalar tuzdi.

GERMANIYA.

Paul Erlix Institutining xabariga ko‘ra, BioNTech kompaniyasi RNK-vaksinasi ustida ish olib bormoqda. Bu vaksina 200 nafar sog‘lom, undan ko‘proq virus yuqtirish ehtimoli katta odamlar va COVID-19 ning og‘ir turini boshidan kechirayotganlarda sinovdan o‘tkizilgan.

Lekin, vaksina 2020 yilning oxirigacha tayyor bo‘lmasligi xaqida ogohlantirildi.

AQSh

1. Siyetldagi Kaiser Permanente Vashington sog‘liqni saqlash tadqiqot institutida bir qancha sinovlar ketyapti.

2. Inovio Pharmaceuticals INO-4800 vaksinasining ikki xil dozasi ustida ishlayapti. Natijaga erishish uchun kamida 6 oy borligi aytildi.

3. Amerikaning biofarmasevtika kompaniyasi Sorrento Therapeutics uch kun ichida koronavirusni butunlay bloklab, inson tanasidan chiqarib yuborishi mumkin bo‘lgan antitana topilgani haqida bayonot bergan edi. Kompaniya vakillarining aytishicha, hozircha barcha natijalar faqat laboratoriyada olingan va ular dori vositasini bozorga chiqarish vaqtini ayta olmaydilar.

Dori juda istiqbolli bo‘lishi kutilmoqda.

4. Amerikaning Pfizer farmkompaniyasi Germaniyaning BioNTech kompaniyasi bilan birga mRNK-vaksinalari bo‘yicha tadqiqotlarni yakunlamoqda.

5. Xozir Moderna kompaniyasi yangi texnologiya asosida ishlab chikargan mRNK vaksinasi xaqida ko‘p gapirilmoqda. Bu butunlay yangi usul, bunda vaksinaning o‘zi hujayralarga virus oqsillarini ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi, oqsillarni immunitetga tanitadi va immun tizimiga qanday javob qaytarish kerakligini ham o‘rgatadi. Bu mutlaqo hayratomuz texnologiya.

Hozirda klinik sinovlarning uchinchi bosqichi yakuniga yetmoqda. Bu har doim kuzatuvlar va tahlillar talab etadigan eng uzoq bosqichdir. Hozirda ushbu sinovda 30 000 kishi ishtirok etayapti. Ularning hech bo‘lmasa 150-160 nafari virus yuqtirgandagina vaksinaning samaradorligi xaqida bir to‘xtamga kelish mumkin.

Vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha yettita «eng istiqbolli » loyihaga homiylik qilayotgan milliarder Bill Geyts ham shoshilmaslikni tavsiya qildi. Uning aytishicha vaksinalar sentyabrgacha ishlab chikarilmasligi aniq.

XITOY.

1. Xitoyda adenovirusli vektor asosidagi vaksina ustida izlanish birinchilardan bo‘lib yo‘lga qo‘yildi. Sinovlar shu yilning oxirigacha davom etishi ko‘zda tutilgan.

 

2. Pekinning Sinovac Research & Development Co kompaniyasi tomonidan inaktivlangan vaksinani sinash jarayoni ham tez sur’atlar bilan rivojlanib boryapti.

3. Sinopharm Xitoy davlat farmasevtika korporasiyasi huzuridagi Wuhan biologik mahsulotlar institutida ishlab chiqilayotgan vaksina ham yaxshi xavfsizligini ko‘rsatdi. Ammo sinovlarni yakunlash va vaksinaning xavfsizligi va samaradorligi haqida xulosaga kelish uchun yarim yil vaqt ketishi mumkin.

Xitoy hukumati vaksinalardan biri sentyabr oyida favqulodda foydalanishga (masalan, shifokorlar uchun) tayyor bo‘lishini istisno qilmaydi.

Aholi uchun esa keyingi yilning boshiga tayyor bo‘lishi mumkin.

SHVEYSARIYA.

Bern universitetining Martin Bachmann immunologik laboratoriyasi RBD-vaksinasini ishlab chiqdi. Bu vaksinada maxsus reseptor bog‘lovchi domen (RBD-oqsil) bor. Bu vaksinaning yaxshirok ishlashiga imkon beradi.

Ular klinik sinovlarni oktyabrgacha o‘tkazishni, keyin emlashni xavf guruhidagi aholidan boshlashni umid qilyaptilar.

AVSTRALIYA, NIDERLANDIYA.

Avstraliya va Niderlandiyada BSJ vaksinasining koronavirusga qarshi sinovlari bilan bog‘liq tadqiqotlar olib borilyapti.

Dastlabki tadqiqotlar BSJ COVID-19 bilan kurasha olishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Sinovlar uchinchi ommaviy bosqichda: bir necha ming shifokor emlandi. Yana yarim yil davomida natijalar kuzatib boriladi.

JSST hozircha dalillar yetarli bo‘lmagani uchun bu vaksinani hisobga olmadi.

ROSSIYA.

1. RF SSV N.F. Gamaley nomidagi epidemiologiya va Mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi (NISEM) olimlari ikki xil: «Gam-KOVID-Vak» va «Gam-KOVID-Vak Lio» vaksinalari ustida ish olib boryapti.

Bu vaksinalar mikrobiolog Denis Logunov tarafidan an’anaviy vektorli texnologiya, MERS va Ebolaga qarshi vaksinalar asosida tayyorlangan.

2. Rossiyaning “Vektor” vaksinalar bazasida 6 xil texnologik platforma asosida boshqa vaksinalar ishlab chikarayotgani xaqida ham ma’lum qilgan edi. Ulardan biri peptidli vaksina “EpiVakKorona” ning ustida izlanishlar oxirlab kolgani xaqida ma’lumot berildi.

3. Rossiya «Biokad» farmkompaniyasi ham Eksperimental Tibbiyot Instituti bilan birgalikda mRNK-vaksina ustida ishlayapti.

JSST hali bu vaksinalarni hech qaysini ro‘yxatga olmadi va Rossiyaga vaksina yaratishda shoshma-shosharlik qilmaslikni tavsiya qildi.

TURKIYa

1. Turkiyadagi Hadjettepe universiteti mikroignali leykoplastir ko‘rinishidagi vaksina ustida ishlayapti.

2. Turkiyaning Egey universiteti DNK-vaksinasi muvaffakiyatga erishyapti. Va yana boshka bir qancha katta izlanishlar ketyapti.

Eng oldinda yuqorida aytilgan Xitoyning 3 ta vaksinasi, AQShning 2ta vaksinasi, Angliyaning 1 ta (AstraZeneca ning vektorli) vaksinasi ketyapti.

Ular sinovning uchinchi bosqichiga o‘tdi. Ularning hammasi har xil.

Xozircha vaksinalarning narxi 10-14$ bulishi aytilyapti. Lekin narx o‘zgarishi mumkin.

Bizda vaziyat qanday?

Afsuski, bizda vaksina ishlab chikarilmaydi. Biz vaksinani sotib olamiz yoki gumanitar yordam tarzida qabul qilamiz.

Ko‘proq Rossiyaning vaksinasiga qiziqish bildirilyapti. Iyul oyining oxirida Rossiya vaksinasini sotib olishimiz mumkinligi xaqida ma’lumot berilgan edi.

Bugun Rossiyaning N.F.Gamaley nomli epidemiologiya va mikrobiologiya markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Gam-KOVID-Vak» vaksinasi Rossiya SSVda ro‘yxatdan o‘tganligi xaqida V.V.Putin tarafidan bayonot berildi (ya’ni, e’tibor bering! Faqat Rossiya davlatining o‘zida ro‘yxatdan o‘tdi, JSST da o‘tmagan)

Lekin shuni aytish kerakki, bu vaksina ustidagi tadqiqotlar yuqorida aytilgan ommaviy 3-chi fazaga hali yetib kelmagan. Endi boshlang‘ich faza sinovlari yakunlandi.

JSST ga vaksina bo‘yicha bironta izlanish tahlilini taqdim qilmagan.

Ikki kun oldin Klinik Tadqiqotlar Assosiasiyasi olimlari bu vaksinani ruyxatga olishga shoshmaslik kerakligini aytgan edi.

Balki, keyingi klinik sinovlarni bizni davlat bilan hamkorlikda o‘tkazishmoqchidir. Shunday qilish ham mumkin. Agar shunday bo‘lsa, bu haqida aholi ogohlantirilishi kerak. Barcha klinik sinovlar JSST tavsiya qilgan 8 ta shartli yo‘riqnoma asosida amalga oshirilishi kerak.

Unga ko‘ra, emlashdan oldin aholiga vaksina xaqida ma’lumot berilishi va har bir emlanuvchi o‘z istagi bilan rozilik bildirishi kerak, ya’ni ko‘ngilli bo‘lishi kerak.

Yana bir kompaniya, Xitoyning Sinopharm Group kompaniyasi ham COVID-19 ga qarshi ishlab chiqqan vaksinasi ustidagi tadqiqotlarning ohirgi fazasini boshqa mamlakatlar bilan birga, bizda ham sinab ko‘rish taklifini berdi.

Sinovlarning 3-oxirgi fazasi endi boshlandi. China National Biotec Group ishlab chiqqan ikki xil- inaktivlangan va rekombinant vaksinalar xaqida gap ketyapti. Xitoyning o‘zida inaktivlangan vaksina bilan 50000 dan ortiq odam emlandi. Hozircha sinovlar yaxshi natija berganligi haqida aytilyapti. Uning ta’siri emlangandan keyin 2 yilga yetadi. Pekin yiliga 200mln doza vaksina ishlab chiqarishni mo‘ljallayapti.

Albatta bu vaksina sinovi ham yuqorida aytganimdek, JSST yo‘riqnomasi bo‘yicha amalga oshirilishi kerak

Hozirda xavfsiz va samarali vaksinani yaratish COVID-19 ni oldini olishning eng ishonchli usuli bo‘lib qolmoqda. Lekin ommaviy emlash vaqtini yaqinlashtirish mumkin emas.

Vaksina yaratishning o‘z qoidasi bor. Uni buzish mumkin emas. Vaksina vaksinadek bulishi kerak.

Ammo koronavirusning ba’zi jixatlari borki, vaksinalar yaratilish chog‘ida yangi koronavirus o‘zini qanday tutishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Misol uchun, uning avlodi bulmish SARS-CoV-1 (2002-2003 yillar epidemiyasini keltirib chiqargan) virusiga qarshi vaksina haligacha tugallanmadi, chunki talab yo‘qoldi.

Birinchi SARS epidemiyasi ham birdan paydo bo‘lib, talofotlar keltirib, keyin g‘oyib bo‘lgan edi. Ikkinchi SARS ham izsiz yo‘qolishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, koronavirus vaqt o‘tib mutasiyaga uchrashi mumkin, bu holda odamlar har mavsumda emlanishlari kerak bo‘ladi. Lekin, agar vaksina topiladigan bo‘lsa uni yangi mutasiyaga moslash qiyin bo‘lmaydi.

Ammo, bu yilgi to‘lqin vaksinasiz o‘tishi ehtimoli istisno qilinmayapti.

Shifokor Nodira Musayeva tayyorladi.

“Dori-Darmon” AK Axborot xizmati

Kiritildi: 20:38 12.08.2020. O'qildi: 10123 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!