Shanba tongida marketpleys matbuot xizmati bir sutkadan ortiq davom etgan nosozlikdan so‘ng Uzum Market sayti va ilovasi, shuningdek, sotuvchining shaxsiy kabineti yana ishga tushganini ma’lum qildi.
«Buyurtmani odatiy rejimda rasmiylashtirish mumkin. Ombor buyurtmalarni yig‘moqda, butun mamlakat bo‘ylab tarqatish punktlari odatiy rejimda ishlamoqda», — deyiladi xabarda.
Kompaniya tarqatish punktlarida (PVZ) buyurtmalarni saqlash muddatlari uzaytirilganini ma’lum qildi va kompensasiyalar e’lon qildi. Nosozlik tufayli buyurtmalarini ololmagan xaridorlar bir hafta ichida keyingi xarid uchun promokodlar olishi kerak. Sotuvchilar uchun logistika va saqlash xizmatlari oktyabr oyi oxirigacha bepul bo‘ladi. Franshiza asosidagi tarqatish punktlari egalari esa olinmay qolgan foydasi uchun tovon puli oladi.
«Hozircha ayrim funksiyalar ishida xatoliklar paydo bo‘lishi mumkin, ishlab chiquvchilar jamoasi barcha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun yangilangan infratuzilmani sinovdan o‘tkazishda davom etmoqda», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning eng yirik marketpleysiga kirish 8 oktyabr ertalabdan cheklangan edi. Uzum Market bu nosozlik «yuqori mavsum oldidan yangi infratuzilmani sinovdan o‘tkazish vaqtida» yuz berganini ma’lum qilgandi.
Bu Rossiyaning Ryazan viloyatidagi «Yandeks» kompaniyasi data markaziga Ukraina dronlari hujumi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Hodisa Yandex Cloud resurslaridan foydalanuvchi turli xizmatlarning ishlamay qolishiga olib keldi. Uzum Market «Yandeks» infratuzilmasidan foydalanishini rasman tasdiqlamagan.