O‘zgidromet 13–15 iyun kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar munosabati bilan respublikaning bir qator tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mutaxassislar aholi, sayyohlar va haydovchilarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yog‘ingarchiliklar natijasida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li va tog‘oldi tumanlarida sel kelishi xavfi mavjud.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on hamda Muzrabot tumanlarida sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tumanlari ham xavfli hududlar qatoriga kiritilgan.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda mazkur hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli ham saqlanib qolmoqda. Bu esa ayrim joylarda ko‘chalar, pastliklar va aholi yashash hududlarining vaqtinchalik suv ostida qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar aholidan ob-havo bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni kuzatib borish, xavfli hududlarda ehtiyotkorlikni kuchaytirish va zarurat bo‘lmaganda tog‘li hududlarga safarlarni cheklashni tavsiya etmoqda.