Respublika rahbariyatining topshiriqlarini amalga oshirish maqsadida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning milliy ahamiyatga ega tabiiy ob’ektlari, shu jumladan noyob va takrorlanmas ekotizimlar, bioixilma-xillik turlari, suv havzalari va tabiiy landshaftlar xatlovdan o‘tkazildi.
O‘zbekistonning milliy tabiiy merosi ob’ektlari ro‘yxati yangilandi
Mazkur ishlar natijasida 2023 yilda O‘zbekistonning milliy tabiiy meros ob’ektlari ro‘yxati shakllantirilib, tasdiqlandi va unga jami 185 ta tabiiy meros ob’ekti kiritildi. 2024–2025 yillarda olib borilgan o‘rganishlar ko‘lami natijasida O‘zbekiston milliy tabiiy meros ob’ektlari ro‘yxati yangilandi. Yangi ob’ektlarning kiritilishi hisobiga milliy tabiiy meros ob’ektlari ro‘yxatidagi umumiy pozisiyalar soni 212 taga yetkazildi.
Ma’lumot uchun: Ro‘yxatdan ko‘p yillik qimmatbaho va noyob daraxt va archazorlar, to‘qayzorlar, daryolar, tabiiy ko‘llar va buloqlar, soylar va sharsharalar, daralar va qoyalar, tog‘-toshlar, cho‘llar va barxanlar, o‘simlik va hayvonlarning muhim o‘sish hamda yashash areallari, tabiiy landshaft va muhim ornitologik hududlar, shuningdek, davlat muhofazasida bo‘lgan qo‘riqxonalarni, tabiiy bog‘larni o‘z ichiga qamrab olgan.
Xususan, milliy tabiiy meros ro‘yxatida 212 ta ob’ekt orasida daraxtzor, archazor, to‘qayzor va tabiiy maskanlardan iborat bo‘lgan 23 ta biologik ob’ekt, 49 ta buloq, 23 ta ko‘l, 13 ta daryo, 12 ta sharshara, 4 ta soy va Orol dengizini o‘z ichiga olgan 101 ta gidrologik ob’ekt, 8 ta g‘or, 5 ta dara, 14 ta tog‘, qoya va toshlar, 6 ta cho‘l, qumlik va barxanlardan tarkib topgan 33 ta geologik ob’ekt, 2 ta tabiiy voqelik hamda Dinozavr izi tabiiy maskani paleontologik ob’ekti o‘rin oldi.
Shu bilan birga respublika hududidagi 7 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi va 13 ta buyurtma qo‘riqxonasi hamda 13 ta milliy tabiat bog‘i va 8 ta tabiat yodgorligi Milliy tabiiy meros ob’ektlari safiga kirdi.
Shu o‘rinda, YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan transchegaraviy tabiiy ob’ektlar — G‘arbiy Tyan-Shan tog‘i (2016 yil) va Mo‘’tadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi / 2023 yil) hamda YUNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritilgan Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi (1978 yil) va Quyi Amudaryo biosfera qo‘riqxonasi (2021 yil), shuningdek, Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga O‘zbekistondan 5 ta ob’ekt: Dengizko‘l ko‘li (2002 yil), Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi (2008 yil), To‘dako‘l tabiiy suv havzasi va Quyimozor suv ombori (2008 yil), Sudoche ko‘li (2023 yil) va Jiltirbas ko‘li (2024 yil) kiritilgan.
Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan 2025 yil 10–19 dekabr kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida jamiyat va har bir insonning e’tiborini atrof-muhit muammolariga hamda O‘zbekiston tabiiy merosi ob’ektlarini keng targ‘ib etish maqsadida “O‘zbekiston tabiiy merosi” nomli fotoko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Fotoko‘rgazma davomida Milliy qo‘mita tomonidan nashr etilgan “O‘zbekiston tabiiy merosi” va “O‘zbekiston tabiati fasllarda” nomli albom-kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.