Plyaj futboli deganda ko‘z oldimizda faqat Braziliya gavdalanadi. To‘g‘rida, jahonga tanilgan mana-man degan braziliyalik futbolchi bolaligidan qumli maydonda to‘p tepib katta bo‘lganini, plyaj futbolida kamol topganini ko‘p xotirlaydi.
Bunday holatni bilamiz, eshitganmiz-u lekin vaqti kelib o‘zimizda ham futbolning bu ko‘rinishi paydo bo‘lishiga, ommalashishiga ishongimiz kelmas edi. Bundan o‘n yillarcha oldin O‘zbekistonda ham plyaj futboli bo‘yicha rasmiy musobaqa o‘tkazishga kirishildi. Plyaj futboliga joy masalasida Qarshi shahrida yangi ta’mirdan chiqqan va Viloyat bolalar va ayollar sport markaziga aylantirilgan sobiq “Geolog” stadionining bir burchagi tanlandi. Tezlikda ish boshlandi: tonna-tonna tashlandilar tashqariga olib chiqildi, yuzlab yuk mashinalarda qum keltirildi, tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar, hakamlar va futbolchilar uchun yechinib-kiyinish xonalari barpo etildi. Qarabsizki, xorijnikidan qolishmaydigan binoyidek plyaj futbol maydoni paydo bo‘ldi.
Erkaklar va ayollar o‘rtasida mamlakat chempionati va Kubok o‘yinlari o‘tkazila boshlandi. Har ikkalasida ham o‘nga yaqin jamoalar ishtirok etar, g‘oliblik aksariyat mavsumlarda mezbonlarga nasib qilardi. Hatto plyaj futboli bo‘yicha ikki yilda bir o‘tkaziladigan Jahon chempionati saralash o‘yinlariga saralab olingan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham aynan shu maydonda, aynan chempionat va kubok o‘yinlarida toblanardi.
Nima bo‘ldi-yu, musobaqalarga “ko‘z tegdi”. 2012 yilda avvaliga erkaklar o‘rtasidagi turnirlar barham topdi, bir yil o‘tib esa ayollar musobaqalari ham tappa-taq to‘xtadi. Orada salkam besh yil o‘tibdi. O‘zbekiston futbol assosiasiyasidagi islohotlar sabab mazkur sport o‘yin yana tiklanmoqda, yana rasmiy musobaqalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Joriy yilning 17-21 iyul kunlari O‘zbekistonda rasmiy musobaqa o‘tkazish talabiga javob beruvchi yagona plyaj maydoni – Qarshidagi “Geolog” sport majmuasi plyaj maydonida erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston Kubogi musobaqasi tashkil etilmoqda.
Kecha mazkur musobaqaga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Unda 12 ta jamoa ishtirok etadigan bo‘ldi. Bular:
“A” guruhi – “Kasbi” (Kasbi tumani, “Mash’al” klubi qoshidagi futbol maktabi murabbiylari), “Lokomotiv” (Qarshidagi shu nomdagi sport klubi), “Binokor” (Qashqadaryo birinchiligi ishtirokchisi).
“V” guruhi – “Qarshi” (“Binokor-2” jamoasi), “Po‘lati” (Koson tumanidagi “Bunyodkor” professional sport klubi), “Kogon” (Buxoro viloyati Kogon shahridagi professional futzal jamoasi).
“S” guruhi – “Nishon” (Superligadagi “Nasaf” klubi qoshidagi futbol maktabi murabbiylari), “Koson” (viloyat birinchiligi ishtirokchisi), “Samarqand” (Samarqand viloyat birinchiligida ishtirok etayotgan jamoalar murabbiylari terma jamoasi).
“D” guruhi – “Mash’al” (Pro-ligadagi “Mash’al” futbol akademiyasi murabbiylari), “Nasaf” (Superligadagi “Nasaf” futbol akademiyasi murabbiylari), “Adolat” (Qashqadaryo viloyat xavfsizlik xizmati xodimlari).
Bugun musobaqaga start beriladi.
Manba: uza.uz