Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi

O‘zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi

Sog‘liqni saqlash vazirligida mamlakatda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berilishi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Tadbir Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda tegishli davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, onkolog, epidemiolog, ginekologlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi.

Dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ushbu xastalik ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi va kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa tug‘ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.

Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.

Endilikda O‘zbekistondagi barcha 9 yoshli o‘smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. O‘zbekistonda esa o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi.

Tadbirda qayd etilganidek, JSST odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani barcha immunizasiya dasturlariga kiritishni tafsiya etadi. Bugungi kunda jahonning 96 davlati uni o‘z milliy emlash kalendariga kiritgan. Ularning orasida Buyuk Britaniya, Daniya, Shvesiya, Finlyandiya kabi qator Yevropa davlatlari, shuningdek, AQSH, Kanada, Avstraliya va Lotin Amerika mamlakatlari ham bor. Shunday qilib, 2006 yildan boshlab shu kungacha butun dunyoda 100 million nafardan ortiq odam ushbu vaksina bilan emlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi vaksinaning qizlarning reproduktiv funksiyasiga salbiy ta’siri bo‘lmaydimi, degan savolga ham javob bergan:

«O‘tkazilgan xalqaro ilmiy tadqiqotlarda shu aniq bo‘ldiki, yuqorida qayd etilganidek, mazkur vaksina nafaqat saratondan himoyalash, balki, reproduktiv a’zolar salomatligini ham yanada mustahkamlash xususiyatiga ega ekan.

Bundan 9 yil oldin, ya’ni 2010 yilda emlangan 8000 nafar qizdan biri Gulira’no Rahimjonova 3 yoshli qizchasi bilan ushbu tadbirga tashrif buyurib, OPVga qarshi emlashdan keyin sog‘lig‘i bilan bog‘liq hech qanday salbiy muammo yuz bermaganini, aksincha, vaksina salomatligini yaxshilashga xizmat qilganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, bundan 9 yil avval u bilan birga emlangan tengdoshlarining aksariyati hozirda onalik baxtiga musharraf bo‘lgan».

Kiritildi: 09:15 22.10.2019. O'qildi: 2226 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!