Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonda ilk vaqf mehmonxonasi ochildi

O‘zbekistonda ilk vaqf mehmonxonasi ochildi

Surxondaryo viloyatida Hakim Termiziy ziyoratgohi yaqinida ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida yangi mehmonxonaning ochilish marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Vaqf» xayriya jamoat fondi matbuot xizmati.

Mehmonxonani O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ushbu qadamjoga ziyoratlari doirasida ochib bergan. Tadbirda, shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, «Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar Halilov va viloyat bosh imom-xatibi Aliakbar Sayfuddinov ishtirok etgan.

Qayd etilishicha, yangi mehmonxonada ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy uslubda jihozlangan. Mazkur mehmonxona 70 o‘ringa ega bo‘lib, yuqori xizmat ko‘rsatuvchi qulayliklarga ega lyuks hamda yarim lyuks xonalarni o‘z ichiga oladi. Mehmonxona hududida 1 ta choyxona va 1 ta restoran mavjud. Bu esa ham dam oluvchilar, ham yo‘lovchilar uchun xohlagan vaqtda kelib tanovul qilish imkoniyatini yaratadi.

Mehmonxonaning Toshkent—Termiz xalqaro magistral yo‘lining yonida ekanligi uning yana bir jihati sifatida qayd etilgan. Bu Iso Termiziy, Sulton Saodat, Kampirtepa, Fayoztepa hamda Hakim Termiziy ziyoratgoh va tarixiy yodgorliklariga tez fursatda yetib olish imkonini beradi.

Shuningdek, ochilish marosimida viloyatdagi 30 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari topshirilgan.

Mehmonxonada musulmon sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida har bir xonaga Qur’oni karim, joynamoz qo‘yilishi va qibla ko‘rsatkichi o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kelajakda mehmonxonani halol standartiga mos holatga keltirish ko‘zda tutilgan.

Mehmonxona faoliyatidan kelib tushgan mablag‘lar vaqf mulklarini tasarruf etish hamda xayriya maqsadlari uchun ishlatilishi aytilgan.

Kiritildi: 16:23 14.10.2019. O'qildi: 2555 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!