Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistonda dorivor o‘simliklar eksporti ortmoqda

O‘zbekistonda dorivor o‘simliklar eksporti ortmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasida Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining “Aholini sifatli va arzon dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

– Mamlakatimizda farmasevtika sanoatini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon, tibbiy anjomlar bilan to‘laqonli ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev. – 1990 yilda respublikamizda atigi 2 ta farmasevtika korxonasi faoliyat yuritgan, ular tomonidan 21 nomdagi dori vositasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2018 yilda bunday korxonalar soni 155 taga, ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar nomi 2 ming 836 taga yetkazilgani ham ushbu masalaga nechog‘li e’tibor berilayotganidan dalolatdir.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanalgan ushbu sohani yanada rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmasevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan edi. Mutaxassislar qayd etishicha, o‘tgan davr mobaynida ushbu agentlik tomonidan farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lida yaxshi natijalarga erishildi. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida qiymati 40,52 million dollarlik 9 ta investisiya loyihasi amalga oshirildi.

Sardor Kariyevning aytishicha, 2018-2019 yillarda farmasevtika yo‘nalishida faoliyat olib boradigan 19 ta yangi korxona ishga tushirildi. Ular qoshida dori vositasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 11ta sex ochildi. Bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchi 27 ta korxona 25 ta farmakoterapevtik guruhga mansub dori vositalari va 10 nomdagi tibbiy buyumlarni 14 ta davlatga eksport qilmoqda.

O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish darajasi ortib bormoqda. 2018 yilda moychechak, guljavhar, qizilmiya ildizi, na’matak va boshqa dorivor o‘simliklar plantasiyalari tashkil etildi. Qizilmiya ildizi, na’matak, kavrak, qizil do‘lana va boshqa dorivor o‘simliklar Xitoy, Afg‘oniston, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston va Yevropa mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni qayta ishlovchi korxonalar soni 51 tani tashkil qiladi.

– Aholini sifatli, arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan to‘la ta’minlash borasida qilinayotgan ko‘lamdor ishlarga qaramasdan, bu boradagi muammolar hali butkul yechilgani yo‘q, – dedi Sardor Kariyev. – Ana shu muammolarni hal qilish maqsadida joriy yilning 10 aprelida Prezidentimizning “2019-2021 yillarda respublikaning farmasevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining vazifalari qayta ko‘rib chiqildi. Jumladan, farmasevtika faoliyatini (chakana realizasiyadan tashqari) lisenziyalash va nazoratini amalga oshirish vazifalari yuklatildi. Shu bilan birga, aholini sifatli, bezarar va samarador dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida 2022 yilning 1 yanvariga qadar barcha ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, dori vositalarini klinik sinovlarini o‘tkazuvchi klinikalar, klinikoldi tadqiqotlarni amalga oshiruvchi laboratoriyalar majburiy tarzda tegishli xalqaro standartlarga o‘tishi belgilandi.

Tadbirda qo‘mita a’zolari Prezidentimizning mazkur farmoni agentlik tomonidan qay darajada ijro etilayotganiga e’tibor qaratdi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga, mavjud muammo va kamchiliklar ham muhokama qilindi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan farmasevtika sohasiga oid 7 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan edi. Ana shu erkin iqtisodiy zonalarda sohaga oid loyihalar amalga oshirilmoqda. Biroq erkin iqtisodiy zonalarning ayrimlarida hamon kommunal soha bilan bog‘liq muammolar bor va bu loyihalarni amalga oshirishda turli qiyinchilik tug‘dirmoqda. Masalan, “Bo‘stonliq-farm” EIZ elektr energiyasi, “Parkent-farm” EIZ gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlanmagan. “Boysun-farm” EIZda esa suv bilan bog‘liq muammo yaqinda hal etildi.

Deputatlar agentlik faoliyatini yanada jonlantirish, aholini sifatli, arzon dori vositalari, tibbiy buyumlar bilan ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Kiritildi: 05:45 12.07.2019. O'qildi: 3232 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!