O‘zbek baxshichilik san’atini dunyoga tanitgan atoqli san’atkorlardan biri O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshi Boltayev 81 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Surxondaryo viloyati hokimligi.
Shoberdi Boltayev 1944 yil Surxondaryo viloyati Boysun tumanining Munchoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab 1965 yilda Munchoq qishlog‘idagi «Nodira» nomli 8 yillik maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1968 yil Termiz Davlat pedagogika instituti (hozirgi TerDU)ning pedagogika fakultetida tahsil olgan.
Ta’kidlanishicha, Shoberdi Boltayev terma, doston aytish sirlarini Xushboq baxshi Mardonaqulovdan o‘rgangan.
Uning repertuarida «Alpomish», «Oltin qovoq», «Ollanazar Olchinbek», «Kuntug‘mish», «Suluvxon», «Sanam gavhari», «Malla savdogar», «Oyparcha» kabi dostonlar, «Do‘mbiram», «Mexmondir», «Tilar», «Nima kerak», «Bilmadi», «Oypari» kabi termalar o‘rin olgan.
Shoberdi baxshi 1993 yil O‘zbekiston prezidentining faxriy yorlig‘i, 2002 yil «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoni, 2007 yil «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.
2002 yilda uning «Oyparcha» nomli termasi, 2019 yil «Malla savdogar» nomli dostoni chop etilgan.
Shoberdi Boltayev yaqin-yaqingacha Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 22 sonli Bolalar musiqa, san’at va baxshichilik maktabida faxriy direktor vazifasida ishlab, bir qator yosh baxshilarga do‘mbira chalish hamda baxshichilik san’ati sirlarini o‘rgatib kelayotgan edi.