Bugun 19 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston va Xindiston o‘rtasidagi yangi dastur tuzilmoqda

A A A
O‘zbekiston va Xindiston o‘rtasidagi yangi dastur tuzilmoqda

O‘zbekiston Innovasion rivojlanish vazirligi delegasiyasi Hindistonda safarda bo‘lib qaytdi. Delegasiya a’zolari davlatimiz Rahbarining Hindistonga bo‘lajak tashrifi doirasida imzolanadigan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi hukumati o‘rtasida ilmiy-texnikaviy, innovasion sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv loyihasini muhokama qildilar. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Delegasiya a’zolari tomonidan ilmiy-texnikaviy, innovasion rivojlanishga aloqador vazirliklar, idoralar, tijorat tashkilotlari, OTMlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovasion markazlar va inkubatorlar vakillari bilan uchrashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazildi.

Hozirgacha ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlik O‘zbekiston va Hindiston hukumatlari tomonidan 1993 yil 29 iyulda imzolangan Ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv doirasida amalga oshirilib kelmoqda. Mazkur hujjat bugungi kun talablariga, ikki davlatning innovasion va ilmiy-texnologik yangilanishga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojlariga javob bermaydi. Innovasion rivojlanish vazirligi oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama huquqiy bazani mustahkamlash talab etiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi hamda Hindiston Respublikasi ilm-fan va texnologiyalar vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Dasturini imzolashga tayyorgarlik ishlari olib borildi, O‘zaro hamkorlik rejasi tasdiqlanishiga kelishildi.

“SUN OVERSEAS” kompaniyasi bilan uchrashuvda O‘zbekistonning energetika va IT-texnologiyalar sohalariga investorlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Kichik sanoat milliy korporasiyasi, Hindiston sanoati konfederasiyasi kabi tashkilotlar vakillari, “Amity University” xususiy universiteti va uning qoshidagi biznes-inkubator rahbarlari, “I-Spirit” vakolatxonasi boshlig‘i, “J Syzygia Consultants” va NASSCOM kompaniyalari direktorlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar davomida ilmiy-texnikaviy, innovasion yutuqlarni tijoratlashtirish jarayonini tezlashtirishga, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Hindiston tomoni o‘z navbatida elektron hukumat (e-governance), telemedisina (e-Health) va distansion ta’lim (e-Education)ni shakllantirish borasida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatishga qiziqish bildirdi.

Tashrif natijasida O‘zbekiston-Hindiston innovasion forumi tuzishga kelishildi. Mazkur forum ikki davlatning olimlari, tadbirkorlari, investorlari, novatorlari va innovasion g‘oyalar mualliflarini bir platformada birlashtirishi kutilmoqda. Forum tadbirkorlar va investorlarga istiqbolli innovasion g‘oyalarni moliyalashtirish imkonini beradi. Keyinchalik bu forum O‘zbek-Hind innovasiya jamg‘armasiga aylantirish mumkinligi ham tilga olindi. Hindistonning ishbilarmon doiralari mazkur jamg‘armani shakllantirish bo‘yicha moliyaviy ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. 

Bundan tashqari, Hindiston texnikaviy va iqtisodiy hamkorlik Dasturi (Indian Technical and Economic Cooperation ­– ITEC Programme) doirasida ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, OTMlar mutaxassislari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tegishli sohadagi innovasion rivojlanishga mas’ul bo‘limlari xodimlari, xususiy biznes vakillari bepul xorijiy stajirovka o‘tash imkoniyati ham paydo bo‘ladi. 

Ta’kidlash joizki, mazkur dastur 1964 yili Hindiston hukumati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra Osiyo, Afrika, Sharqiy Yevropa (jumladan sobiq Ittifoq davlatlari), Lotin Amerikasi, Karib dengizi havzasi, Tinch okeani orollarini o‘z ichiga olgan 161 ta davlat vakillari ta’lim olishga taklif etiladi. ITEC dasturi bo‘yicha barcha harajatlar (o‘qish dasturini o‘tash, yashash, darsliklar, o‘quv-tanishish safarlari, tez tibbiy yordam, aviachipta) Hindiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. 

Manba: uza.uz

Kiritildi: 09:12 25.08.2018. O'qildi: 2277 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik