O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2025 yil 25 fevraldan erkin savdo rejimi joriy etildi.
Qayd etilishicha, 2024 yil 16 iyul kuni imzolangan «O‘zbekiston va Turkmaniston Hukumatlari o‘rtasida uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida Bitimga erkin savdo rejimidan istisnolar to‘g‘risida»gi bayonnoma kuchga kirishi uchun zarur tartibotlarning ikki taraflama bajarilishi yakunlandi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2025 yil 25 fevraldan erkin savdo rejimi joriy etildi.
Ma’lumot uchun: ushbu Bayonnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 yanvardagi PQ-29-son qarori bilan tasdiqlangan. 2024 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,14 mlrd dollarni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 5,5 foizga oshgan.
Rejimning joriy etilishi natijasida, ayrim turdagi mahsulotlardan tashqari ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari bekor qilinib, o‘zaro tovarlar savdosidagi mavjud cheklovlar bartaraf etildi va savdo tartibotlari soddalashtirildi.
Masalan, Turkmanistonga olib kirilayotgan mahalliy sement mahsulotlari (bojxona to‘lovi 100%), to‘qimachilik matolari (50%), mebel (50%), shisha idishlar (50%), suv isitish qozonlari (15%), plastik va polipropilen mahsulotlar (10%), kolbasa va go‘sht mahsulotlari (1 kg uchun 2 dollar), paxta yog‘i (1 kg uchun 1 dollar) bojxona to‘lovlari bekor qilindi.
Bojsiz savdo rejimining qo‘llanishi kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida investisiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperasiyalarini rivojlantirish orqali o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga zamin yaratadi.