O‘zbekiston U-17 terma jamoasi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Ispaniyada ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga hozirlik ko‘rayotgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Toshkentdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunlab, Ispaniyaning Albir shahriga yo‘l oldi.
Sergey Chigodayev shogirdlari Ispaniyadagi yig‘in davomida ikki kuchli raqibga qarshi maydonga tushadi. Jamoa 25 avgust kuni Urugvay U-17 terma jamoasi bilan kuch sinashsa, 27 avgust kuni Ispaniya U-17 terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Ushbu uchrashuvlar O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonining bir qismi hisoblanadi.