Butunjahon shaxmat federasiyasi rahbari Kirsan Ilyumjinov yaqin orada O‘zbekiston shaxmat vatani deb rasman tan olinishini ma’lum qildi. Bu haqda "Sputnik" O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Butunjahon shaxmat federasiyasi rahbari Kirsan Ilyumjinov 4 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston shaxmat federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida qatnashdi.
"Butunjahon shaxmat federasiyasi rahbari nutqi davomida shaxmat vatani Pokiston, Hindiston yoki Eron emas, balki O‘zbekiston ekanligiga alohida urg‘u berdi. Bu fakt ilmiy tadqiqotlar, tarixchi olimlar tomonidan o‘rganib chiqilgan izlanishlar natijasi ekanligi, FIDE bu borada Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga rasmiy xat tayyorlayotgani va yaqin orada O‘zbekiston shaxmat vatani deb rasman tan olinishini ma’lum qildi", — deyiladi xabarda.
O‘zbek shaxmat maktabi jahonga Rustam Qosimjonovdek jahon chempionini yetishtirib bergan. Shuningdek, Nodirbek Abdusattorov bugungi kunda jahonning eng yosh grossmeysteri bo‘lib turibdi.