Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

O‘zbekiston qancha gulqog‘oz import qiladi?

O‘zbekiston qancha gulqog‘oz import qiladi?

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, O‘zbekistonga chetdan qancha gulqog‘oz kirib keladi? Bizda mazkur qurilishbop mahsulotni ishlab chiqarishga qanchalik e’tibor qaratilmoqda? Bozor ehtiyojini to‘ldira olyapmizmi?Bu kabi savollarga yaqinda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tashabbusi bilan Toshkent shahrida shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan “Pergament Quality Exclusive” korxonasiga uyushtirilgan press-turda javob olishga harakat qildik.

Mutaxassislarning aytishicha, respublikamizga bir yilda 10-12 million o‘ram gulqog‘oz chetdan olib kelinadi. Ayni paytda yurtimizda bunyodkorlik ishlar jadal tus olib,ko‘plab turarjoylar barpo etilayotganini inobatga olsak, bu mahsulotga bo‘lgan talab oshsa-oshadiki, aslo kamaymaydi.

Shu ma’noda, korxonaning flezilin asosidagi vinil gulqog‘ozlari xonadon va ofislarni bezatishda ayni muddaodir. Vaholanki, shu kunga qadar mamlakatimizda ushbu mahsulot to‘lig‘icha import hisobidan qoplab kelinardi.

— Korxonamiz nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda yagona flezilin asosli vinil gulqog‘ozlar ishlab chiqaruvchisidir, — deydi “Pergament Quality Exclusive” MCHJ ta’sischisi Avaz G‘aybullayev. —Mahsulotlarimiz sifati Yevropa ishlab chiqaruvchilariniki bilan bir xil bo‘lishiga qaramay, bozorga chet elnikidan ikki baravar arzon narxda yetkazib berilmoqda.

Korxonada yiliga 2 million 640 ming o‘ram gulqog‘oz ishlab chiqariladi. Demak, bundan ko‘rinadiki, korxona importning 10 foizini qoplaydi, xolos. Shu bois jamoa bu miqdor bilan cheklanib qolmoqchi emas. Gap shundaki, kelgusi yildan ikkinchi liniya ishga tushirilib, ishlab chiqarish hajmi 2 baravar oshiriladi. Bundan tashqari, xomashyoning 30-40 foizini mahalliylashtirish, turdosh qurilish materiallari ham ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Korxona tomonidan joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 39 milliard so‘mlik gulqog‘oz ishlab chiqarilgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Ozarbayjon va Hindistonga 1,4 million AQSh dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Gulqog‘ozga bo‘lgan talab yuqori ekan, uni ishlab chiqaruvchilarni ko‘paytirish zarur.Zero, ushbu tarmoq rivojiga ehtiyoj bor.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari korxonaning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Dilshod ULUG‘MURODOV

Manba: xs.uz

Kiritildi: 22:45 18.11.2019. O'qildi: 1628 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!