Bugun 29 avgust, 2026 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston Prezidenti Singapurning Katta vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Singapurning Katta vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni Singapur Respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Suhbat avvalida Katta vazir Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnam va Bosh vaziri Lourens Vongning samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston – Singapur munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqot hamda barcha darajalardagi ikki tomonlama aloqalar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Singapurning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan investisiyalari hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi. Singapur ishbilarmonlarining yurtimizdagi investisiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Strategik va innovasion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni ishlab chiqib, unda savdo, investisiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizasiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga ustuvorlik berishga kelishib olindi. O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilg‘or tajribasini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Singapur oliy ta’lim muassasalarining mamlakatimizdagi faoliyati bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi. Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qo‘shma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Yaqinda O‘zbekiston BMTning Mediasiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani olqishlandi. Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Kiritildi: 14:52 28.08.2026. O'qildi: 538 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!