Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga sanoqli kunlar qoldi. Yurtimizning barcha go‘shasida bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Yurtdoshlarimiz yuz-ko‘zidagi xursandlik, xotirjamlik tuyg‘ulari kishini yanada mamnun etadi. Bu kayfiyatni ayni damda mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan xorijlik sayyohlar ham e’tirof etmoqda.
Abdulloh Al-QADHIY, tadbirkor (Malayziya):
– Fan-texnika jadal taraqqiy etayotgan bugungi kunda O‘zbekiston ham dunyo mamlakatlari bilan tengma-teng rivojlanmoqda. Safarim chog‘ida bunga amin bo‘ldim. Yurtingizga ilk bor kelgan bo‘lsam-da, menda iliq taassurot uyg‘otdi. Insoniyat tamaddunidagi ulkan sivilizasiya o‘choqlaridan biri bo‘lgan go‘zal shahar – Xivadan boy taassurotlar bilan qaytdim. Xorazmning mehmondo‘st va shirinso‘z odamlari, bir-biridan ko‘rkam tarixiy inshootlari, xivalik pazandalar tayyorlagan shirin taomlar meni maftun etdi. Xivaning markaziy ko‘chalaridagi gullar, insonga g‘urur baxsh etib, shamolda hilpirab turuvchi bayroqlardan anglash mumkinki, yurtingizning chekka hududlarida ham Mustaqillik bayramiga munosib tayyorgarlik ketmoqda.
Dinimiz bir, dunyoqarashimiz o‘xshash bo‘lgani uchun go‘zal O‘zbekistonda o‘zimni begona his qilmayapman. O‘zbek madaniyatini o‘rganish, tarixiy qadamjolarini ziyorat qilish kishiga o‘zgacha kayfiyat hadya etarkan.
Yurtingizda bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik alohida madaniyat darajasiga ko‘tarilgan. Bugun dunyo aholisining tabiiy mevalarga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda. O‘zbekistonda mevani qayta ishlash, quritish juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuning uchun ta’m borasida boshqa mamlakatlarnikidan ancha farq qiladi. Ayniqsa, quruq mevalari ta’mi og‘izda qoladi. Kelajakda o‘zimning savdo tarmoqlarim orqali yurtingizdan yong‘oq, mayiz, jiyda, bodom kabi mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganman.
Muhammad AKBAR, savdo mutaxassisi (Afg‘oniston):
– Har gal yurtingizga safarimni ishlarim yurishishi va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdan boshlayman. Ko‘ngil xotirjamligiga nima yetsin! Bu galgi tashrifimda Zangiota ziyoratgohiga bordim. U yerdagi o‘zgarishlar meni lol qoldirdi. So‘nggi bor 2013 yili bu mo‘tabar qadamjoga tashrif buyurgandim. Hozir umuman boshqacha, yoz fasli bo‘lsa-da u yerda bahoriy gullar ochilib turibdi. Bugungi O‘zbekiston yangiliklari bilan odamni shoshirib qo‘ymoqda. Obodlik, bayramona shukuhdan dilingiz ravshan tortadi.
O‘zbekiston juda boy mamlakat. Chunki bu yerda go‘zal va tengsiz shaharlar bor. Yurtingizda turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu sababli qadimiy manzilgohlarga borishni har bir mehmon ko‘ngliga tugadi. Internet orqali Samarqand, Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni kuzatib boryapman. Mustaqillik bayramini ushbu shaharlarda kutib olmoqchiman.
Chjan CHAN, hunarmand (Xitoy):
– O‘zbekistonga ilk bor kelishim. O‘zim bolalar uchun maxsus o‘yinchoqlar yasayman. Mahsulotlarimiz juda xaridorgir. Bir gal Xitoyga sayohatga borgan o‘zbekistonlikning bolasi qo‘lida juda ajoyib qo‘g‘irchoq ko‘rib qoldim. Shundan so‘ng yurtingiz madaniyatiga qiziqishim ortdi, O‘zbekistonga kelishga qaror qildim va bunga erishdim.
Toshkentning diqqatga sazovor joylari menga, ayniqsa, yoqdi. Shahar ko‘chalari bo‘ylab kechqurun sayr qilish boshqacha. Xalqingiz bolajon ekan. Buni savdo majmualari, istirohat bog‘lari va so‘lim saylgohlarda kichkintoylar uchun yaratilgan imkoniyatlardan ham bilsa bo‘ladi. Kishilarning kayfiyati, bolalarning quvnoq va beg‘ubor kulgisi xotiramda bir umr saqlansa kerak.
Iosif AMINOV, sayyoh (Isroil):
– Samarqandda tug‘ilganman. 1979 yili oilamiz bilan Isroil davlatiga ko‘chib ketganmiz. Do‘stlarim bilan birga Mustaqillik bayrami tantanalarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldik. To‘g‘risi, bolaligim o‘tgan, bobo-buvim dafn etilgan joylarni yana ko‘rish hayotimdagi eng hayajonli va quvochli onlar bo‘ldi. Shu davr ichida O‘zbekiston jadal rivojlanayotganiga guvoh bo‘ldik. Yurtingizning yangi qiyofasi rivojlangan davlatlardan qolishmaydi. Ayniqsa, o‘zbek xalqining mehmondo‘st, ochiqko‘ngilligini ko‘rib bolalikdagi iliq xotiralarim yodga tushdi. O‘zbek xalqini mustaqillikning 27 yilligi bayrami bilan tabriklayman, yurtingiz istiqloli abadiy bo‘lsin!
Orhan SIVRIKAYA, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK maslahatchisi (Turkiya):
– Xizmat yuzasidan yurtingizning turli shaharlarida bo‘lganman. Ushbu tashrifim Mustaqillik bayramingiz arafasiga to‘g‘ri kelganidan mamnunman. Istiqlol sharofati bilan yurtingiz kundan-kun chiroy ochib borayotgani, odamlarning yaxshi yashashi uchun qulay sharoitlar yaratilayotganiga guvohman. Sayyohlarga ko‘rsatilayotgan yuqori darajadagi xizmatlar, xalqingizning samimiy hurmati va bag‘rikengligi xorijlik mehmonlarga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi.
Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichda rivojlanayotgani, turli sohalardagi aloqalar faollashgani bizni xursand qiladi. Mamlakatingizda turk ishbilarmonlari yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda, sarmoyadorlar va tadbirkorlarga qulay imtiyozlar taqdim etilmoqda. Bu hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqini aziz bayram – Mustaqillik ayyomi bilan tabriklayman. Xalqingiz bundan-da ulkan yutuqlarga erishishiga tilakdoshman.
Manba: uza.uz