Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekiston MTJ Yamanni yer tishlatdi: 5:0

O‘zbekiston MTJ Yamanni yer tishlatdi: 5:0

Nihoyat, biz kutgan g‘alaba keldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga saralash o‘yinlarida o‘z maydonida Yamanni yirik hisobda yengdi.

KUTMAGANDIM, OCHIG‘I…

Tan olib aytaman, yirik hisobdagi g‘alabani istagan bo‘lsam-da, Falastinga qarshi nursiz o‘yindan keyin futbolchilarimizning bu qadar o‘yin ko‘rsatishiga, aniqrog‘i, 5:0 hisobida zafar quchishiga ishonqiramagan edim, ko‘pi bilan 3:0 ni kutgandim. Ammo xayriyatki, raqib darvozasiga javobsiz 5 ta gol urishni uddaladik.

NIMALAR O‘ZGARDI?

Birinchi o‘rinda, murabbiyning o‘zgargani ta’sir ko‘rsatdi. Futbolchilarning «Kuper davri»dan keyin «o‘zbekona murabbiy»ni sog‘inganliklari sezildi. Abramov o‘zbek futboliga begona bo‘lmagani, futbolchilar ham uning nimalarga qodir ekanliklarini bilishgani, unga ishonishgani qo‘l keldi. Bordiyu Kuperning o‘rniga chet eldan boshqa mutaxassis kelganida ham bunday natija qayd etilmasdi. Abramov o‘zbek futbolidagi «o‘lik jonlar»ni tiriltirishga bel bog‘lagan. Bugun u dastlabki muaolajani muvaffaqiyatli yakunladi.

TARKIB

Tarkib nisbatan optimal. Nisbatan deganimizning sababi, terma jamoa tarkibida hali formaga kirib ulgurmagan futbolchilarning borligi sezildi. Masalan, Jaloliddin Masharipov. Dribling borasida maqtana olsa-da, bugun hali samarali o‘ynashga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi. Himoyada ham xatolar sezildi. Raqib futbolchilari biznikilarni yakka kurashlarda ortda qoldirgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Ammo jamoaviy futbol yakuniy natija ijobiy bo‘lishini ta’minladi.

TEZKOR GOL

Tezkor gol tom ma’noda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Oldingi maqolada aytgandim, Yaman qarshi hujum taktikasiga tayanib o‘ynaydi. Raqibning rejasi ikkinchi raqam ostida o‘ynash, himoyasini mustahkamlash hamda qarshi hujumga o‘tib gol urish, shu orqali kamida durangga erishish edi. Ammo dastlabki daqiqalarda urilgan tezkor gol hammasini chippakka chiqardi. Yaman terma jamoasining rejasi barbod bo‘ldi, ular hujumga o‘tishga majbur bo‘lishdi va oqibatda bir nechta gollar o‘tkazib yuborishdi.

SOVUQQONLIK

Vadim Abramov sovuqqon, tavakkalchi murabbiy. Uning ana shu jihati o‘yinga ham ko‘chdi. Deyarli hamma golda futbolchilarimizning sovuqqonligi muhim o‘rin tutdi. Birinchi golda Iskanderov hamda Hamdamovning sovuqqonligi, ikkinchi golda Eldorning xotirjam harakati, uchinchi golda Iskanderovning kutilmagan zarbasi, to‘rtinchi golda To‘xtaxo‘jayevning noodatiy zarbasi va beshinchi golda yana Hamdamovning qat’iyati. Xullas, Abramovdagi xususiyatlar bevosita o‘yinga ko‘chdi va yakuniy natijani o‘zingiz ko‘rdigiz.

QUVONISHGA BIROZ ERTA

Ha, quvonishga biroz erta. Unutmang, Samvel Babayan ham dastlab ketma-ket g‘alabalarga erishgandi. Kuper ham boshida yomon ishlamagandi. Ammo har ikkala holatda ham yakun sharmandali bo‘ldi. Umid qilamizki, Vadim Karleonevich bilan bunday holat yuz berdi. Biz Abramovning asl kuchini bu bosqichda emas, hal qiluvchi keyingi bosqichda ko‘ramiz.

G‘alabalar davomiy bo‘lsin!

 

Kiritildi: 19:12 10.10.2019. O'qildi: 2234 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!