Bugun 19 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda

A A A
O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 8 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.

Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan “Orli” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Fransiya Respublikasining rasmiy shaxslari kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi.

Prezidentimiz Fransiya Respublikasiga tashrif YUNESKOda uchrashuvdan boshlanganida chuqur ramziy ma’no borligini, O‘zbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Odri Azule davlatimiz rahbarini tashrif bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan hamkorlik rivojida ushbu uchrashuv g‘oyat muhimligini qayd etdi.

Mamlakatimiz YUNESKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan. Tomonlar O‘zbekistonning boy ma’naviy merosini tiklash va chuqur o‘rganish borasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda, madaniyat, ta’lim, fan va boshqa sohalarda turli loyihalarni birgalikda amalga oshirmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy-madaniy ob’ektlar YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Buxoro shahri tashkilotning “Tinchlik tarafdori bo‘lgan shaharlar” sovrini bilan taqdirlangan.

Xivadagi «Ichan qal’a» majmuasi, Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, Chotqol biosferasi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Boysun madaniy merosi, Navro‘z, Shashmaqom, Katta ashula, askiya, osh, atlas va adras ishlab chiqarish texnologiyalari tashkilotning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatidan joy olgan. Usmon Qur’oni va Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar to‘plami YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorligi o‘zbek mumtoz musiqiy merosini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YUNESKO shafeligida Samarqand shahrida har ikki yilda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa, joriy yil sentyabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom san’ati anjumani tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi ta’sis etildi.

Ta’lim sohasida ham istiqbolli hamkorlik o‘rnatilgan. O‘zbekiston “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida jismoniy va ma’naviy barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan siyosatni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil sentyabr oyida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

YUNESKO Bosh direktori O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashkilot shafeligida tinchlik va bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish, ekstremizmning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro institut tashkil etish, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida Ta’limda axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo‘yicha mintaqaviy markaz hamda Samarqand "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universitetida YUNESKO kafedrasini tuzish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yosh olimlari mintaqaviy forumini hamda 2019 yilda Toshkentda "Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida" mavzuida Osiyo forumini o‘tkazish borasida kelishuvga erishildi.

Bosh direktor Odri Azule O‘zbekistonning butun insoniyat boyligi bo‘lgan madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi siyosatini yuksak baholadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan YUNESKO o‘rtasidagi 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma Harakatlar rejasi qabul qilindi. Bu hujjat munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, tomonlar oldida turgan vazifalarni birgalikda innovasiyalar orqali hal etish va barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev YUNESKOning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari Senat Raisini Fransiya Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 60 yilligi bilan tabrikladi. Ushbu sana munosabati bilan yurtimizda o‘zbek va fransuz tillarida chop etilgan Fransiya Konstitusiyasining ilk nusxasini sovg‘a qildi.

Mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, ulardagi do‘stlik guruhlari tufayli ancha faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi aloqalar parlamentlararo munosabatlar sohasida ham jadal rivojlanmoqda. 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida parlamentlararo hamkorlik guruhi tuzilgan, 2010 yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston – Fransiya” do‘stlik guruhi faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 2008 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Fransiya inson huquqlari himoyachisi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan.

Fransiya bilan keng ko‘lamli munosabatlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama amaliy aloqalarni qamrab olgan. Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va hududlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Parlamentlararo aloqalarni aniq yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, qo‘shma tadbirlar va o‘zaro tashriflarni muntazam tashkil etish, tajriba almashish orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Fransiya Senati Raisi mamlakatimizda iqtisodiyotni tubdan modernizasiya qilish, aholi farovonligini yuksaltirish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi. O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv mintaqaviy siyosat olib borayotganini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining Fransiyaga ilk rasmiy tashrifi uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlik, jumladan, mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi.

Jerar Larshe Fransiya Senati O‘zbekiston bilan do‘stlik rishtalari, har tomonlama samarali sheriklikni mustahkamlash yo‘lida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va ularga tizimli tus berishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Fransiya Senati binosini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning eng yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda “Total”, “Total Eren”, “Orano”, “Fivs Shteyn”, “Ranjis Semmaris”, "Vinchi", "Sues", "Sad", "Idemiya", "Mersiye", “Tales Aleniya Speys”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi kabi Yevropa va jahon bozorida yetakchi kompaniyalar va moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekstonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, ular faoliyatini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, biznesni rivojlantirish yo‘lidagi turli to‘siqlarga barham berilgani, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli darajada qisqartirilgani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investisiyalar bo‘yicha kengash tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingani, uning vazifasi investorlar fikrini inobatga olgan holda, O‘zbekiston investisiya muhitini izchil yaxshilab borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat ekanini ta’kidlab, fransiyalik sarmoyadorlarni Kengash ishida faol ishtirok etishga taklif qildi.

Fransiyalik tadbirkorlar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, valyuta tizimining liberallashtirilgani, viza olish tartibi soddalashtirilgani o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini ta’kidladi. Bunday qulaylik va yengilliklar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqishni kuchaytirdi. Davlatimiz rahbari tashrifi arafasida umumiy qiymati 5 milliard yevroga yaqin investisiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolangani bundan dalolat beradi.

O‘zbekiston va Fransiya moliyaviy tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tovar yetkazish va xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda. 

Manba: uza.uz

Kiritildi: 05:21 09.10.2018. O'qildi: 1939 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik