O‘zbekiston dzyudo federasiyasi «Parij-2024» Olimpiadasi uchun qo‘lga kiritilgan yo‘llanmalar soni 13 taga yetganini e’lon qildi.
Xalqaro dzyudo federasiyasi yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun e’lon qilgan so‘nggi reyting sarhisobiga ko‘ra, -57 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilib kelayotgan Shukurjon Aminovaning to‘rt yillik o‘yinlar chiptasini qo‘lga kiritgani e’tirof etildi.
Bu, o‘z navbatida o‘zbekistonlik ayollar terma jamoasining 5 nafar a’zosi, umumiy hisobda 12 nafar dzyudochimiz «Parij-2024»ning 12 ta yakkalik va 1 ta jamoalar o‘rtasidagi Olimpiada medallari uchun kechadigan bellashuvlarda ishtirok etishini anglatmoqda.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz dzyudochilari o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari tarixida to‘rt yillik o‘yinlarning hech birida 13 ta sovrinli o‘rin uchun kurash olib bormagandi.
Bu safar 7 nafar dzyudochi yigitlarimiz hamda 5 nafar dzyudochi qizlarimizning Olimpiada medallari uchun kurash olib borishi bilan birga aralash jamoaviy bellashuvlarda ham ishtirok etishi imkoniyatlarimiz istaklarimizga mos kelayotganidan dalolat.
Eslatib o‘tamiz, «Tokio-2020» Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz dzyudochilari 11 ta sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borgan edi.