Bugun 30 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yangi tahrirda ishlab chiqildi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yangi tahrirda ishlab chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasini belgilab berdi.

2023 yilda qabul qilingan mazkur strategik hujjat qisqa vaqt ichida barcha sohalarda sezilarli natijalarni ta’minladi. Xususan, kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik 6,8 foizdan 4,9 foizga kamaydi. Yalpi ichki mahsulot hajmi 103 mlrd dollardan 145 mlrd dollarga, eksport 25 mlrd dollardan 33,4 mlrd dollarga, xorijiy investisiyalar 17 mlrd dollardan 43 mlrd dollarga yetdi. Xorijiy sayyohlar soni 6,6 mln nafardan 8,6 mln nafarga oshdi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi 42 foizga yetdi. O‘zbekiston bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni esa 164 taga yetdi.

So‘nggi ikki yilda Prezident tomonidan 650 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi, 500 dan ziyod yig‘ilish va uchrashuvlarda barcha sohalar bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

Avval 2030 yilgacha YAIMni 160 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichga 2026 yilning o‘zida erishish kutilmoqda. Kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollardan oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

Aholi soni 2030 yilga borib 41 mln nafarga yetishi prognoz qilinayotgani, shuningdek, jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivoji strategiyani yangilashni taqozo etmoqda.

Shu asosda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi. Unda 350 dan ortiq mutasaddi idora va ilmiy markaz vakillari ishtirokida 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichi qayta ko‘rib chiqildi.

Yangilangan strategiyaning asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:

  • barcha maqsad va ko‘rsatkichlar yangi belgilangan marralarga moslashtirildi;

  • ko‘rsatkichlar faqat o‘lchanadigan (sonli) shaklda belgilandi, umumiy va baholab bo‘lmaydigan 130 ta band chiqarib tashlandi;

  • barcha ko‘rsatkichlar 2030 yilgacha yilma-yil rejalashtirildi;

  • 60 ga yaqin davlat organlarining aniq mas’uliyati belgilab qo‘yildi;

  • har bir ko‘rsatkich bo‘yicha moliyaviy manbalar aniq ko‘rsatildi;

  • sohaviy va hududiy rivojlanish strategiyalari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga mos holda ishlab chiqiladi.

Strategiya loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, aholi fikrlari asosida yanada takomillashtiriladi.

Shunga muvofiq, loyiha uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Qo‘shimcha taklif va savollar uchun koll-markaz:
📞 (71) 239-49-38
📞 (71) 239-49-44

Kiritildi: Bugun 15:31. O'qildi: 287 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!