O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin rahbarligida amalga oshirilayotgan o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashda madaniy-gumanitar aloqalar muhim o‘rin egallamoqda. Bu borada ikki davlatning ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
O‘tgan yili Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobi “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamda Xitoy xorijiy tillar nashriyoti – “Foreign Languages Press” bilan hamkorlikda o‘zbek tilida chop etilgani birgalikda amalga oshirilgan ilmiy-ijodiy mehnatning muhim natijasi bo‘ldi.
Jahon miqyosida tan olingan ulkan davlat va siyosat arbobi Si Szinpinning ushbu sermazmun asari O‘zbekistonda katta qiziqish bilan kutib olindi.
Shu yil 21 avgust kuni Pekin shahrida 25-xalqaro kitob ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ko‘rgazmada Xitoy Xalq Respublikasi Raisining mamlakatimizda nashr etilgan mazkur kitobi ham namoyish etildi.
Ko‘rgazma doirasida bo‘lib o‘tgan suhbat va muloqotlarda bunday hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi hamda nashriyot va matbaa sohasida, muhim ijtimoiy mavzularda birgalikda kitoblar, albomlar tayyorlash va nashr etish, yuksak malakali olimlar, tarjimon-filologlar, muharrirlar, nashriyot-matbaa xodimlari ishtirokida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba va mutaxassislar almashish istiqbollari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Mazkur ko‘rgazma doirasida mamlakatimiz hayotiga oid yana bir muhim voqea bo‘lib o‘tdi. “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobining asosiy tarjimonlaridan biri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli adib va tarjimon Murtazo Qarshiboyev Xitoy Xalq Respublikasining “Matbuot sohasidagi ulkan hissasi uchun” mukofoti bilan taqdirlandi. Buyuk Britaniya, Yaponiya, Polsha, Rossiya, Latviya, Qirg‘iziston, Vengriya, Marokash, Eron, Nepal, Ruminiya kabi jami 15 davlatning xitoy tarixi, tili va adabiyoti bo‘yicha nufuzli olimlari, tarjimon va mutaxassislari qatorida o‘zbek tarjimonining ham ana shunday yuksak mukofotga sazovor bo‘lgani yurtimiz va xalqimizga, boy tariximiz va madaniyatimizga, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga ulkan ehtirom ifodasidir.
Manba: uza.uz