O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari viruslarga qarshi faollikka ega, interferon induktori hisoblangan “SelAgrip” preparatini yaratdi.
Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar mavsumiy kasalliklardan hisoblanadi. Ularga qarshi ilmiy asoslangan yechimlar ustida mahalliy olimlar tomonidan izlanishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur preparat immunitetni faollashtirib, organizmning viruslarga qarshi tabiiy himoyasini kuchaytiradi. Dori virusga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etmaydi, balki organizmning o‘z immun javobini kuchaytirish orqali ta’sir ko‘rsatadi. U interferonlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirib, organizmni viruslarga qarshi “tayyor holatga” keltiradi.
Qayd etilishicha, dori vositasi uchun barcha normativ-texnik hujjatlar loyihalari tayyorlangan.
Ilm-fan yutuqlari asosida yaratilgan mahalliy “SelAgrip” preparati aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.