Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

O‘smirlik: siz mikroskop ostidasiz

A A A
O‘smirlik: siz mikroskop ostidasiz

O‘zingizning farzandingizni ham tushunmay qolyapsizmi? Uning kayfiyatlari, munosabatlari, yoqtirgan narsalari o‘zgarib qolayotganidan xavotirdamisiz? Bu o‘zgarishlarning, ayniqsa, tezligi sizni tashvishlantiryaptimi? Birinchi o‘rinda tushunib oling – bu tabiiy, bu ulg‘ayishning bir qismi.

Ruhshunos Stenli Xoll birinchi marta o‘smirlar tabiatining nomantig‘iyligini va ambivalentligini (kishida bir vaqtning o‘zida ikki qarama-qarshi hissiyotning yuzaga kelishi) tavsiflab, bu yoshga xos bo‘lgan bir qancha asosiy qarama-qarshiliklarni ajratdi. Unga ko‘ra, o‘smirlarda o‘ta faollik passivlikka, o‘ta quvnoqlik umidsizlikka, o‘ziga bo‘lgan ishonch uyatchanlik va qo‘rqoqlikka, xudbinlik boshqalarga g‘amxo‘rlikka, muloqotni yaxshi ko‘rish odamovilikka, hissiyotga beriluvchanlik loqaydlikka, hamma narsaga qiziquvchanlik befarqlikka, kitob o‘qishni yaxshi ko‘rish kitobga e’tiborsizlikka, kuzatishni yoqtirish esa doimiy e’tirozlarga aylanib ketish holatlari ko‘proq uchrar ekan.

S.Xoll bu davrni haqli ravishda «to‘fon va shiddat davri» deb atadi. O‘smirlik davrida bo‘ladigan holatlarni bu ruhshunos o‘zini anglash davri sifatida tasvirlaydiki, undan o‘tib olgach, insonni individuallik (o‘ziga xoslik) tuyg‘usi egallaydi.

Bu o‘ziga xoslik asosan bolalik tajribalari va atrofdagi olamni, xususan, sizni (!) o‘smirlarcha kuzatish asosiga quriladi. Agar siz avvallari uning uchun gap-so‘zsiz komil inson bo‘lgan bo‘lsangiz, endi ulg‘ayayotgan farzandingiz bu «ideallashtirish» o‘rinsiz bo‘lmaganmi, deya o‘ylab oladi. Xavfli tomoni shundaki, kunlardan birida bir lahzada sizning bittagina kamchiligingizni ko‘rib ham, o‘zining o‘smirlarga xos ta’sirchanligi bilan siz haqingizdagi fikrini o‘zgartirib olishi mumkin. Yaxshi tarafi shundaki, bu jarayonni ortga qaytarish mumkin. O‘smirlarda hech narsa barqaror emas. Asosiysi – chuqurlashtirib yubormaslik.

Siz, hoynahoy, u bilan eski odatingizga ko‘ra «mittivoy» sifatida gaplashayotgan bo‘lsangiz kerak. Axir u hozirgina rostdan ham shunday edi. Endi u «menga yaqinlashmang, men «mushukcha» emas, «yo‘lbars»man»ga aylandi. Uning katta bo‘lganini hurmat qiling, jiddiy suhbatlarga tayyor turing, faqat atrofdagilar haqida emas, o‘zingiz haqingizda ham.

Hammasi shu bilan tamom bo‘lsa, mayli edi! Endi siz mikroskop ostidasiz. Farzandingiz sizni kuzatyapti, o‘rganyapti, barcha «topilma»larini sizning so‘zlaringiz bilan solishtiryapti. Namozga uxlab qoldingizmi? Buni hech kim sezmadi, deb o‘ylamang. Sizga bu haqda hech kim gapirmasa ham, fakt – bu fakt. «Yana yolg‘on gapirdi», deb xulosa chiqarish ehtimoli ham yo‘q emas. Keyingi voqealar rivoji esa shunday bo‘ladi: o‘zlari yolg‘on gapirishadi, ta’qiqlangan ishlarni qilishadi, majburiyatlarni bajarishmaydi, menga o‘rgatganlariday yashashmaydi – nima uchun men ularning aytganini qilishim kerak?

«Xonangni tozala!» degan gapingizga «O‘zingizning xonangizda ham shkaf yig‘ishtirilmagan», degan javobni eshitishga ham tayyor turavering. Sizning obro‘ingiz qancha zaiflashsa, tashqi «yo‘lboshchi»larning obro‘si shuncha ortaveradi.

O‘smirlik davri – munosabatlarda kuch jihatdan taqsimotni qayta ko‘rib chiqish fursati

O‘spirin yoshlar atrofga faqatgina tanqidiy nazar bilan qarabgina qolmay, dunyoni bolaligida hosil bo‘lgan tasavvuridagi kabi go‘zal holatga keltirishga urinadi. O‘sayotgan odam mukammal dunyoda yashashga intiladi, bu dunyo uning bolalik tasavvurlarida bor. Buni unga siz o‘zingiz o‘rgatgansiz. Inson, musulmon, jamiyatning a’zosi qanday bo‘lishi kerakligini o‘rgatgansiz. Endi u qanchalik muvofiq kelishini tekshiradi. Agar siz o‘zingiz muvofiq kelmasangiz, sizni ham o‘zgartirgisi keladi. U qayerda mumkin deb hisoblasa, o‘sha yerni o‘zgartirmoqchi bo‘ladi. Yaxshisi, uning bu intilishlarini oilani yaxshi tarafga o‘zgartirishga yo‘naltirgan ma’qul. Uning tanbehlarini qabul qiling, oilaviy jarayonlarga uni jalb qiling. Unga: «Ha, bu menga ham yoqmaydi. Kel, birga o‘zgartiramiz», deb ayting. Tan olishni ham biling: «Ha, oxirgi paytlarda bomdodga ko‘p uxlab qolyapman. O‘zim ham bundan juda xafaman. Qanday qilib buni o‘zgartirsa bo‘lar ekan? Balki oqshom payti televizor tagida ko‘p o‘tirib qolsam, meni ogohlantirib qo‘yarsan-a?!»

Bu yoshda, J.Piajega ko‘ra, shaxsiyat shakllanadi, so‘ngra hayot dasturi tuziladi. Buning uchun esa mantiqiy tafakkurni rivojlantirish lozim. Kelajak hayoti uchun reja tuzar ekan, o‘spirin o‘zini insoniyatni qutqarishda muhim roldagi shaxs deb tasavvur qiladi, hayot rejasini shu maqsadga muvofiq tashkillashtiradi. Mana shunday rejalar va dasturlar bilan u kattalar jamiyatiga kirib keladi hamda uni isloh qilish payida bo‘ladi.

Uning bu istaklarida unga sherik bo‘lishga harakat qiling, shunda uni yo‘naltirishingiz, unga bosh bo‘lishingiz mumkin bo‘ladi.

Unga chambarchas bog‘liq bo‘lgan holda jamiyat tarafidan to‘siqlarga duch kelgach, o‘spirin ijtimoiylasha boshlaydi. Mana shu yerda unga sizning yordamingiz kerak bo‘ladi! Jamiyat uning umidlarini oqlamagan, u istagan o‘zgarishlarni qabul qilmagan chog‘da uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘ling.

Leyla Natalya Baxadori,

rus tilidan Zarnigor Ahmadaliyeva tarjimasi

Manba: muslimaat.uz

Kiritildi: 11:49 23.08.2018. O'qildi: 4200 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik