Prezident Vladimir Zelenskiyning aytishicha, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukraina 43 ming harbiyni yo‘qotgan, yana 370 ming kishi jarohatlangan.
Shu bilan birga, Zelenskiy «armiyada yaradorlarning taxminan 50 foizi xizmatga qaytadi va bu ham yuqoridagi ro‘yxatda qayd etiladi. Ya’ni yaradorlarning umumiy sonida yengil jarohatlanganlar va takror frontga kirganlar ham aks etgan».
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya jami 750 ming harbiy xizmatchisini yo‘qotgan, jumladan 198 ming nafari halok bo‘lgan va 550 mingdan ortig‘i yaralangan.
Zelenskiyning ushbu bayonotlaridan biroz oldin AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukraina jang maydonida 400 ming askarini yo‘qotganini yozgan edi. U Rossiyaning halok bo‘lgan va yaralanganlar sonini 600 ming kishiga baholagan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp shanba kuni Zelenskiy bilan uchrashdi. Ularning Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirokidagi muzokaralari Parijda, qayta tiklangan Notr-Dam ibodatxonasining ochilish marosimida bo‘lib o‘tdi. Shunday so‘ng Tramp Ukrainada tinchlik muzokaralarini imkon qadar tezroq boshlashga chaqirgandi.