Joriy yilning 27 iyunidan e’tiboran “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayevga berilgan lisenziya tugatilgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Qalampir.uz” “O‘zbekkonsert” rasmiylari bilan suhbatlashgan edi. Muloqotda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayevning lisenziyasi Buxoro viloyatida o‘tkazilgan davlat miqyosidagi tadbirda ishtirok etishi kerak bo‘lgani, biroq sababsiz bormagani uchun lisenziyasidan mahrum etilgani aytilgan edi.
Xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev esa bo‘lib o‘tgan voqealardan shikoyat qilmadi, aksincha, xatosini tushunib yetganini aytdi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasida shunday yozadi:
“Hayotda hamma xato qiladi. Lekin hamma ham o‘z xatosini tushunavermaydi. Menimcha, birovlarni ayblaguncha inson o‘zidan xato, kamchilik qidirsa va shu xatolarni to‘g‘rilashga harakat qilsa, albatta, natijasi yaxshi bo‘ladi. Shaxsan men ham o‘z xatosini tan oladiganlardanman.
Bekorchidan Xudo bezor. Xato qildik, endi to‘g‘rilaymiz, albatta. Biz mana shu niyatda Samarqand viloyatining chekka hududlariga xalqimiz, muxlislarimiz bilan diydor ko‘rishish va ular bilan ajoyib kechalar, tadbirlar o‘tkazish maqsadida erta tongdan yo‘lga chiqdik”, deb yozadi Ulug‘bek Rahmatullayev.
Ma’lumotlarga qaraganda, Buxorodagi davlat tadbirida ishtirok etmaganidan keyin lisenziyasidan mahrum etilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayev o‘z istagi bilan kecha, 10 iyul kuni Samarqandning chekka tumanlarida bepul konsert dasturini taqdim etgan, muxlislari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Bir necha kundan keyin bu “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan uning lisenziyasi qaytarilishiga asos bo‘lsa ajab emas. Bu haqda davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov shunday deydi:
“Xonandalar beriladigan lisenziya bitimida davlat tadbirlarida ishtirok etish masalasi alohida band bilan ajratilgan. Xonanda shu yurtda ijod qilib, emin-erkin faoliyat yurityaptimi, demak poytaxtdan tashqaridagi muxlislari bilan ham muloqot o‘rnatib turishi kerak. “O‘zbekkonsert” so‘nggi vaqtlarda eng chekka qishloqlar, ovullarga kirib borayotganining sababi ham shunda. U yerdagi aholi ham boshqalar kabi sevimli xonandasini faqat televizorda emas, balki qarshisida ko‘rishni istaydi. Suhbatlashishni, suratga tushishni, dastxat olishni xohlaydi. Xonandalarni chekka hududlarga yuborish jazo emas, balki ularni xalqqa yaqinlashtirish.
Ulug‘bek Rahmatullayevga kelsak, xonandaning o‘zi muassasaga murojaat bilan chiqib, chekka hududlarda konsert berish istagi borligini aytgani bizni quvontirdi. Biz ham xonanda o‘z xatosini vaqtida tushunib yetgani uchun ham uni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”.
Sobiq “O‘zbeknavo”ning naqafat nomi o‘zgargan. Balki undagi tizim, ish yuritish prinsiplarida ham qator o‘zgarishlar bor. Bugungi “O‘zbekkonsert” ancha dadil. San’atkorlarning baqir-chaqiri, sudga beraman qabilidagi dag‘dag‘asidan qo‘rqmaydi. Oyog‘i yerdan uzilib, xalqni mensimay qolganlarni qanday qilib xalq qarshisiga yetaklab borishni yaxshi biladi.
Manba: qalampir.uz