Dunyoda insonlarni salomatlik va birdamlikka chorlovchi sport turlari ko‘p. Shuningdek, har bir millatning o‘ziga xos milliy sport o‘yinlari mavjud.
Ammo hayvonlarni azoblab, nobud qilish, bu ham yetmagandek, inson sog‘ligiga emas, faqat mablag‘ni deb o‘z joniga xavf soluvchi sport turlari bilan shug‘ullanish aqlga sig‘maydi. Shunday xavfli sport turlaridan biri Ispan milliy sport o‘yini Korridadir...
Ma’lumot. Ispan milliy tomoshasi Korrida — ispancha «corrida de toros» — buqalarning chopishi ma’nosini bildiradi.
Korrida o‘yini XI asrdan buyon ma’lum bo‘lib, bunda ishtirok etganlar sharaflangan. Ammo o‘yin oqibatida deyarli har kuni torrerolar o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lishgan. XVIII asrga kelib korrida sirk tomoshasi sifatida keng ommaga ham namoyish etila boshlangan.
Keyinchalik korrida ispan dvoryanlarining dovyuraklik darajasini sinash va shakllantirishda qo‘l kelgan. Unda 12-14 kishidan iborat guruh ishtirok etadi. Bu kishilar ispanchada torerolar deb yuritiladi. Torerolar buqani yarqiragan latta bilan qo‘zg‘atadi. Pikadorlar esa nayzalarni buqaga sanchib, uni battar g‘azablantiradi.
Darhaqiqat g‘azablangan buqa quturib, ishtirokchilarni jarohatlashdan tap tortmaydi. Bu esa qaysidir ma’noda tomoshabinlarga zavq bag‘ishlar ekan. Asosiy ijrochi — matadorning buqa bilan jang o‘yini buqani o‘ldirish bilan yakun topadi. Bu o‘yin Ispaniya, Janubiy Fransiya va Lotin Amerikasi mamlakatlarida tarqalgan. Bugungi kunga kelib ushbu mamlakatlarda korrida o‘yini ustida katta mablag‘lar tikilib, qonli buqalar jangi shou tarzda o‘tkaziladi.
KATTA MABLAG‘ UCHUN JONINI TIKKANLAR...
Korrida sportida ishtirokchilar o‘z o‘yinlari orqali omadini va baxtini sinovdan o‘tkazadi. Bunga asos bor desak ham bo‘ladi. Boisi quturgan buqadan qochib qutulish baxt olib kelishini bilmadig-u ammo omadli insonlargina bunda omon chiqishiga ishonsa bo‘ladi.
Ispaniyada jangari buqaga nafaqat oddiy hayvon balki o‘lim vakili va yulduz darajasiga ko‘tariladi. Buqa bilan “muomala” qiluvchi matador tomoshabinlar ko‘z oldida o‘z mahoratini ko‘rsatib, hurmat qozonishi lozim.
Matador bilan birga “ishlovchi” buqa 4 dan 6 yoshgacha bo‘lishi lozim. (Ot bilan uyushtiriladigan korridada, 2-4 yoshli, 450 kg.dan kam bo‘lmagan buqalar tanlab olinadi.)
Chunki shu yoshda buqalarning ayni kuchga to‘lgan payti bo‘lar ekan. Buqalarni arenaga chiqarishdan oldin matodor buqaning xarakterini o‘rganish uchun u bilan ancha mashq qiladi, aks holda matador undan himoyalanishi qiyin. Bu o‘yinda buqaning bo‘yin ustiga maxsus ishtirokchi o‘yinchilar tomonidan nayzalar tiqilib holsizlantiriladi va matador uni o‘ldiradi. Korrida o‘yinida matador anchagina ayyor va xushyor bo‘lishi lozim.
Matador — ispancha torreroning birlik shakli bo‘lib, “Buni o‘ldiruvchi” ma’nosini anglatadi. Matador bo‘lish uchun bolalar 10-12 yoshdan boshlab tayyorlanadi.
“AJAL” ARENALARIDA HAQIDA…
Korrida sporti paydo bo‘lgan paytda o‘yin keng va ochiq maydonlarda o‘tkazilgan. 1733 yilga kelib Ispaniyaning Sevilya shahrida buqalar jangi uchun aylana shakldagi maxsus korrida maydoni qurilgan. Maydon “La Maestransa” nomini olgan.
Tuzilishiga ko‘ra maydon Rim gladiatorlar jangi o‘tkaziladigan joyni eslatadi. Korridaning vatani Ispaniyada xususan Madridda XVIII asrda yashagan matador ayol Paxuelera nomi haligacha kishilar yodida. Keyinchalik bu o‘yinda ishtirok etish ayollar uchun butunlay man etilgan.
1974 yilga kelib ularning korridada ishtirok etish huquqi qayta tiklangan. Ammo bugungi kunda korrida arenalariga ayollar kam kamdan-kam hollardagina chiqadi. Albatta dovyuraklikda erkaklardan qolishmaydigan nozik ko‘rinishli ayollarni buqalar jangida ko‘rsangiz, albatta siz ham hayratlanasiz.