Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

"O‘ktam Barnoyevning jiyani" qo‘lga olindi

"O‘ktam Barnoyevning jiyani" qo‘lga olindi

O‘tgan yilning mart oyidagi pandemiya davrida o‘zini Buxoro viloyatining sobiq hokimi marhum O‘. Barnoyevning jiyani, deb tanishtirgan o‘ttiz ikki yoshli fuqaro J. Teshaboy ko‘lga tushdi. Bu haqda "Postda" xabar berdi.

J. Teshaboy Kogon tumanida tug‘ilgan va Qorovulbozor tumanida istiqomat qilgan. U bir necha marotaba Jinoyat kodeksining turli bandlari bilan javobgarlikka tortilgan. Ya’ni, 2015 yildan xavfli residivist sifatida ro‘yxatga olingan. 2020 yilning mart oyida boshqa jinoyatlari sabab ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan bo‘lishiga qaramasdan, qayta jinoyatga qo‘l urgan.

J. Teshaboy fuqarolarning mulkini qo‘lga kiritish maqsadida o‘zini hokimlikning kam ta’minlanganlarga uy-joy ajratish bo‘limi xodimi deb ham tanishtirgan. Shuningdek, u COVID-19 pandemiyasi sababli karantin e’lon qilingan paytdan foydalanib, hokimlik binosiga kirib-chiqish cheklangani bois, o‘z faoliyatini bino tashqarisida yuritayotganini aytgan. Va viloyat hokimligi binosining orqa tomonidan kirib-chiqiladigan joyda fuqarolar bilan uchrashib kelgan. Uchrashuv davomida u bir necha fuqarolarga shahar hududida qurilayotgan yangi ko‘p qavatli uylardan imtiyozli kredit asosida uy-joy olib berishni va’da qilib, ulardan katta miqdorda pul undirgan.

Xususan, 20 yillik kredit asosida beriladigan uy-joylarning boshlang‘ich to‘lovi sifatida fuqaro Z.H.dan 3 million 229 ming so‘m, F.H.dan 1 million 617 ming 500 so‘m, M.J.dan 2 million 800 ming 515 so‘m, M.X.dan 3 million 284 ming so‘m, R.B.dan 3 million 200 ming so‘m, O‘.B.dan 3 million 285 ming so‘m pullarni olib, o‘z ehtiyojiga ishlatadi. Oradan ancha vaqt o‘tishiga qaramay, uy-joylari masalasida yangilik bo‘lmagach, fuqarolar noroziligini bildiradi. J. Teshaboy esa vaziyatdan chiqish maqsadida hiyla ishlatadi. O‘zi chuv tushirgan fuqarolarga pullarini olgani haqida soxta kirim g‘azna orderini rasmiylashtirib beradi va shu yo‘l orqali 10 nafar fuqaroning pullarini o‘zlashtiradi.

Keyinchalik uy-joydan umidini uzgan fuqarolar J. Teshaboyning xatti-harakatlaridan shubhalanib, bu haqda huquq-tartibot idoralariga ma’lum qilishadi. Shu tariqa, soxta jiyanning “faoliyati”ga chek qo‘yiladi.

Sud soxta jiyanning so‘nggi manzili – qamoqxona ekanligini yana bir bor eslatib, uni Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan aybdor deb topdi va unga nisbatan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Kiritildi: 11:20 14.06.2021. O'qildi: 8023 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!