Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlanganidan buyon kamida 707 nafar ukrainalik bola halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina rasmiylari ma’lum qildi.
Shuningdek, urush oqibatida minglab bolalar turli darajada jarohat olgan. Hujumlar natijasida turar joylar, maktablar, bolalar bog‘chalari va tibbiyot muassasalariga ham katta zarar yetgan.
Ukraina tomonining ta’kidlashicha, bolalar o‘rtasidagi qurbonlar soni front chizig‘iga yaqin hududlarda va doimiy ravishda raketa hamda dron hujumlariga uchrayotgan shaharlarda yuqori bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro tashkilotlar bolalar qurbonlari soni amalda bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda. Chunki ayrim bosib olingan yoki jangovar harakatlar davom etayotgan hududlardan aniq ma’lumot olish imkoni cheklangan.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tinch aholi, ayniqsa bolalarni himoya qilish xalqaro gumanitar huquqning asosiy talablaridan biri ekanini ta’kidlab kelmoqda. Urushning to‘rtinchi yiliga o‘tayotgan Ukrainada bolalar orasidagi qurbonlar va jabrlanganlar soni o‘sishi xalqaro hamjamiyatda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.