Ukrainada murakkab sharoitda qolgan 19 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatimizga qaytarildi. Bu jarayon O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan Ukraina Milliy polisiyasi hamda Xalqaro migrasiya tashkiloti (XMT)ning Ukraina va Moldova bo‘limlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, Kiyev viloyatidagi issiqxonalardan birida majburiy mehnatga teng sharoitda yashab kelgan fuqarolar haqidagi xabar 18 sentyabr kuni Ukraina OAVda tarqalgan. Ushbu ma’lumot e’lon qilingan zahoti vaziyat O‘zbekiston diplomatik missiyasi tomonidan qat’iy nazoratga olindi.
Elchixona qisqa muddat ichida vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy maqomini tiklash, Ukrainadan xavfsiz chiqib ketishi uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli choralarni ko‘rdi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida 19 nafar fuqaroga rasmiy ravishda «jabrlanuvchi» maqomi berildi. Bu esa Ukrainaning amaldagi qonunchiligi bo‘yicha ularga nisbatan har qanday sanksiya qo‘llanilishining oldini oldi.
XMTning Ukraina va Moldova bo‘limlari tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilgan holda, 28-oktabr kuni fuqarolar avtomobil orqali Kiyevdan Kishinyovga olib kelindi. Moldova poytaxtida ular uchun xavfsiz yashash sharoiti, ovqatlanish va zarur yordam ta’minlandi. 2 noyabr kuni XMT vakillari hamrohligida «Kishinyov–Istanbul–Urganch» aviareysi orqali uchirilgan vatandoshlarimiz 3 noyabr kuni O‘zbekistonga yetib kelishdi.
Mazkur holat O‘zbekiston diplomatiyasining xorijdagi fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi tizimli hamkorlik samarasi ekanini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarimiz bilan bog‘liq vaziyatlarni doimiy nazoratda tutmoqda va ularning huquqlari poymol etilgani haqida kelib tushgan murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqishda davom etadi.