Ukraina hukumati koronavirus sababli kiritilgan karantin choralarini 31 iyulgacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Denis Shmigal ma’lum qildi.
"4853 – oxirgi haftada shuncha fuqaro kasallikka chalingan. Bu rekord. Karantin yumshatilishini ko‘pchilik u bekor bo‘ldi deb qabul qildi. Karantin bekor qilinmadi. Adaptiv karantin muddatini 31 iyulgacha uzaytirdik", - dedi u.
Shmigal aholini bo‘shashmaslikka, epidemiyaga qarshi choralarga amal qilishga chaqirdi.
Chorshanba kuni Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda o‘tgan sutkada koronavirus yuqtirish va o‘lim holatlari oshganligini, mos ravishda 758 ta va 31 ta holat qayd etilganini xabar qildi. Pandemiya boshlanganidan buyon Ukrainada 33 234ta koronavirus yuqtirish holati qayd etilgan, 943 kishi vafot etgan.