Ukrainaning korrupsiyaga qarshi idoralari Oliy Radadagi fraksiyalardan birining rahbari ayrim qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish evaziga bir qator xalq deputatlariga noqonuniy kelishuvlar taklif qilgani fosh etilganini e’lon qildi. Rasmiy bayonotda siyosatchining ismi ochiqlanmadi.
“Ukrainskaya pravda” va “Babel” nashrlari manbalari, shuningdek, Oliy Rada xalq deputati Aleksey Goncharenkoning ma’lum qilishicha, gap Yuliya Timoshenko haqida ketmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev shahrida Timoshenkoning “Batkivshina” partiyasi ofisida tintuv ishlari olib borilmoqda. Hozircha Yuliya Timoshenko va “Batkivshina” partiyasi mazkur ish yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Yuliya Timoshenko 2005 yilda, shuningdek, 2007–2010 yillarda Ukraina bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 2011 yilda u Rossiya bilan gaz shartnomalarini tuzishda xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilganlik aybi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 2014 yil fevral oyida esa ozodlikka chiqarilgan.