Ukraina mudofaa kuchlari 6 oktyabr kuni va 7 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya harbiy ob’ektlariga, jumladan, Bryansk viloyatidagi "Sesha" aerodromiga zarba berganini Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qildi.
Ukraina harbiylari shu viloyatda Grinevo aholi punkti yaqinida radioelektron kurash stansiyasi, Yelenka yaqinida esa radiolokasiya stansiyasi nishonga olinganini ham bildirdi.
Bundan tashqari, Ukraina Bosh shtabi Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlaridagi ob’ektlarga ham zarbalar berilganini ma’lum qildi.
Xususan, Donesk yaqinida zarba beruvchi dronlarni saqlash, tayyorlash va uchirish joyi, Zaporojye viloyatining Beloserkovka va Kamenka hududlarida esa dronlarni boshqarish punktlari nishonga olingani aytildi.
Donesk viloyatining Gornyak, Ukrainka va Kuraxovka hududlarida qo‘mondonlik-kuzatuv punktlari zararlangani ham da’vo qilinmoqda.
Lugansk viloyatida Krinichnoye yaqinida Rossiya qo‘shinlari bo‘linmalaridan biriga tegishli moddiy-texnik vositalar ombori, Kondryuchee hududida esa yoqilg‘i-moylash materiallari ombori nishonga olingani Ukraina Bosh shtabi tomonidan bildirildi.
Rossiyaning Bryansk viloyati gubernatori Yegor Kovalchuk esa avvalroq 18 ta dron zararsizlantirilganini ma’lum qilgan. U ob’ektlarga zarar yetgani yoki jabrlanganlar haqida xabar bermagan.