Buyuk Britaniya va Norvegiya Ukraina harbiy-dengiz kuchlari uchun ikkita zamonaviy jangovar kater qurishga 100 million funt sterlingdan ortiq mablag‘ ajratadi.
Bu haqda Buyuk Britaniya hukumati 19 noyabr kuni rasmiy bayonot e’lon qildi. Yangi katerlar Britaniyada qurilishi va zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketa majmualari hamda o‘zini himoya qilish vositalari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.
Uzunligi 30 metr bo‘ladigan ushbu katerlar Ukrainaning Qora dengizdagi mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Londonning ta’kidlashicha, harbiy katerlar Ukraina mahsulotlari eksporti uchun muhim ahamiyatga ega Qora dengiz don yo‘lagini himoya qilishda ham foydalaniladi. Mazkur yo‘lak mamlakat iqtisodiyoti va jahon oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim hisoblanadi.
"Norvegiya bilan hamkorlikda moliyalashtirilayotgan va Buyuk Britaniyada quriladigan ushbu katerlar nafaqat Qora dengiz mudofaasini mustahkamlaydi, balki Yevropa xavfsizligiga ham hissa qo‘shadi", — dedi Britaniya bosh vaziri Endi Byornem.
Avvalroq Buyuk Britaniya Ukrainaga qo‘shimcha 260 million funt sterlinglik harbiy yordam paketi ajratishini e’lon qilgan edi. Ushbu paketdan 1000 kilometrdan ortiq masofaga ucha oladigan uzoq masofali uchuvchisiz uchish apparatlari ham o‘rin olgan.