Ukraina dronlari Rossiyadagi portga zarba berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Krasnodar o‘lkasi Tuapse shaharida uchuvchisiz uchish apparati hujumidan so‘ng tanker va neft terminali zarar ko‘rgan.
O‘lka Operativ shtabining xabar berishicha, dron parchalari tankerga tushgan, kema palubasi shikastlangan, ekipaj evakuasiya qilingan. Kemada yong‘in yuz bergan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Ta’kidlanishicha, hujumga uchragan portda “Rosneft” kompaniyasiga tegishli neft terminali va neftni qayta ishlash zavodi joylashgan.
Bundan tashqari, hujum paytida dron bo‘laklari Tuapsin tumanidagi Sosnoviy qishlog‘ida ko‘p qavatli uyga zarar yetkazgan. Operativ shtab ma’lumotiga ko‘ra, dron parchalari binoning uchinchi qavatiga tushib, derazalarni sindirib yuborgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu voqeada ham jabrlanganlar yo‘q.