AQSh prezidentining elchisi Stiven Uitkoff shu hafta oxirida Berlinda Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi.
Bu haqda The Wall Street Journal manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, u 14-15 dekabr kunlari Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya muzokarachilari bilan uchrashadi. Uitkoffni Berlinga jo‘natish qarori AQSh ma’muriyatining Vashington va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik bitimi shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etishga sodiqligini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi gazeta.
Berlin muzokaralarida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers o‘z maslahatchilari bilan birga ishtirok etishi kutilmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal. Avvaliga Yevropa yetakchilari shu dam olish kunlari Tramp bilan AQSh tinchlik rejasi bo‘yicha o‘z takliflarini muhokama qilish uchun uchrashuv tashkil qilmoqchi edi, deya eslaydi gazeta.
Tramp avvalroq Vashington bu muzokaralar samarali bo‘lishini tushunsagina, AQSh Yevropadagi uchrashuvga o‘z vakilini yuborishini aytgan edi.