Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘g‘rilarga «oshna» bo‘lgan futbol avliyosi

O‘g‘rilarga «oshna» bo‘lgan futbol avliyosi

Futbol dunyosining avliyosi, hamyurtlari Misr piramidalaridan keyingi mo‘’jiza, deb hisoblaydigan “Liverpul” yulduzi Muhammad Salohning insoniylik qiyofasi meni hayratga soldi. Mana bunga bir misol…

2017 yil noyabri. Saloh va Misr terma jamoasi Rossiyaga, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani uchun shodlik nashidasini totayotgan kunlarning birida futbolchining ota uyiga o‘g‘ri tushib, ancha buyumlar o‘mariladi. Ota o‘g‘rilarni sudga berganini eshitib, o‘g‘li darhol da’vo arizasini qaytarib oldiradi. Uning bu ishini dastlab hech kim, hatto, huquq-tartibot xodimlari ham tushunishmaydi. Muhammad Saloh esa bu bilan ham cheklanmay, o‘g‘rilar bilan uchrashib, ularga biroz mablag‘ ham tarqatadi. Ularga ish topib, tirikchilik yo‘lini ochib beradi. Futbol avliyosi o‘z qilgan ishini esa quyidagicha izohlaydi:

– Yaratgan o‘z bandasini dunyoga keltirish bilan birga, uning yashash imkonini ham yaratib qo‘ygan. Yiqilgan odamni tepish emas, qo‘ltig‘idan ko‘tarib qo‘yish kerak.

U haq edi. Muhammad Saloh haqiqiy musulmon. Vaqti tig‘iz bo‘lsa-da,  namozini kanda qilmaydi. Topgan daromadining juda ko‘p qismini xayr-sadaqa ishlariga sarflaydi. Har yili Ramazon oyi ro‘zasini, albatta, Misrda, kindik qoni to‘kilgan qadrdon Nagrig qishlog‘ida ado etadi. Hayitdan keyin o‘z mablag‘i hisobidan o‘nlab yoshlarning nikoh to‘ylarini o‘tkazib, keyin Yevropaga, futbol dunyosiga  qaytadi. Saloh jufti halolini ham 7 yil avval o‘z qishlog‘idan topgan. O‘sha paytda 21 yashar futbolchi shuhrat pillapoyasidan juda balandlab ketgan, Shveysariyaning “Bazel” klubi yetakchi o‘yinchisi bo‘lib turgan, hatto qizlardan ham minglab ishqibozlari paydo bo‘lgan  paytlarda qishlog‘iga kelib, oddiygina Magi ismli qizga uylandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu qiz uning sinfdoshi, ilk muhabbati ekan.

Xullas, yigirma yildan buyon Yevropa futbolini zir titratayotgan, yevropacha hayot ichida yurgan, boyligining hisobi yo‘q, millionlab ishqibozlar yuragidan joy olgan, shon-shuhrat, biron narsadan kamchiligi bo‘lmagan Muhammad Salohning yashash tarzi haqiqiy musulmonga xos, ajoyib ibrat maktabidir.

Munavvar PARDAYEV, 
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi

Manba: fikrat.uz

Kiritildi: 06:00 30.10.2020. O'qildi: 4027 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!