FK-2000 zenit-raketa tizimi ilk bor 27 sentyabr kuni Ashxobodda o‘tkazilgan harbiy parad vaqtida namoyish etilgan. Paradda Turkmaniston harbiylari Xitoyda ishlab chiqarilgan boshqa havo mudofaasi tizimlari — FM-90, KS-1A va FD-2000ni ham ko‘rsatgan.
FK-2000 — qisqa masofadagi havo nishonlariga qarshi mo‘ljallangan mobil zenit-raketa majmuasi. U sakkiz g‘ildirakli shassiga o‘rnatilgan bo‘lib, radiolokasion va optik-elektron tizimlar, 12 ta zenit raketa hamda ikkita olti stvolli 30 mm avtomatik to‘p bilan jihozlangan.
Parad vaqtida Turkmaniston harbiylarining ayrimlari M7 miltiqlari bilan qurollangani, bronetexnikada esa zamonaviy M250 pulemyotlari o‘rnatilgani ham ko‘ringan. Ushbu qurollar AQShda ishlab chiqarilgan.
Avvalroq Hindiston Turkmaniston va Tojikistonga Akash-1S zenit-raketa majmualarini eksport qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Turkmaniston armiyasida turli davlatlarda ishlab chiqarilgan harbiy texnika va qurollarning paydo bo‘lishi mamlakatning qurol-yarog‘ ta’minotini tobora diversifikasiya qilayotganini ko‘rsatmoqda.