Ular qurultoy natijalarini bekor qilishga qarshi.
Turkiyaning eng yirik muxolif partiyasi — Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP) tarafdori bo‘lgan qariyb 50 ming kishi 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan sud majlisi arafasida Anqara ko‘chalarida namoyish o‘tkazdi. Bu haqida Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Mazkur sudda CHP’ning 2023 yil noyabr oyida o‘tkazilgan qurultoyi natijalarini bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Shu qaror qabul qilinsa, partiya yetakchisi sifatida saylangan O‘zgyur O‘zel lavozimidan chetlatilishi mumkin.
CHP vakillari ovozlarni soxtalashtirish haqidagi ayblovlarni rad etib, ishni “siyosiy sabablar bilan ochilgan” deb atashmoqda.
— “Bu ish siyosiy mazmunga ega, ayblovlar esa tuhmatdan iborat. Bizning safdoshlarimiz aybsiz. Bunday jarayon kelajakdagi hukumatga qarshi uyushtirilayotgan to‘ntarishdir. Biz bunga qarshi kurashamiz”, — dedi O‘zgyur O‘zel namoyishda qilgan chiqishida.
CHP 2024 yilgi mahalliy saylovlarda Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) ustidan g‘alaba qozongan edi. Partiyaning mashhurligi so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar natijasida ham ortib borayotgani qayd etilmoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida korrupsiya bo‘yicha tergovlar doirasida CHP’ning 500 dan ortiq a’zosi qo‘lga olingan. Joriy yil mart oyida Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi, Istanbul meri Ekrem Imamo‘g‘luning hibsga olinishi ham butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli noroziliklarga sabab bo‘lgandi.