Hozirgi kunda Turkiya polisiyasi tomonidan noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish doirasida yirik shaharlar va jamoat joylarida “maxsus reydlar” davom ettirilmoqda.
Avval xabar berilganidek, Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzgan va qo‘lga olingan xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lib, ularning aksariyati Istanbul shahridan boshqa viloyatlardagi repatriasiya markazlari(Geri gönderme merkezi)ga yuborilayotgani kuzatilmoqda.
Kelib tushgan arizalarga muvofiq, Bosh konsulxona tomonidan Turkiya polisiyasi va Migrasiya xizmati (Göç İdaresi) orqali fuqarolarimizning holati o‘rganilganda, ularning yonida shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport, İkamet İzni) bo‘lmagani yoki Turkiyada yashash va ishlash qoidalarini buzganliklari aniqlandi.
‼️Shu munosabat bilan, yana bir bor Turkiyada bo‘lib turgan fuqarolarimizdan mahalliy qonunlarga to‘liq rioya etishni, o‘zlari bilan shaxsni tasdiqlovchi (pasport) va Turkiyada yashash ruxsatini beruvchi (İkamet İzni) hujjatlarni olib yurishni so‘raymiz.