Turkiyada tug‘ilish ketma-ket 11 yildan beri to‘xtovsiz kamayib bormoqda. Agar tug‘ilishning pasayishi hozirgi sur’atlarda davom etsa, taxminan 40 yildan keyin Turkiyada o‘rtacha yosh 45 yoshdan oshishi mumkin. Bu haqda Turkiya statistika instituti (TÜİK) raisi o‘rinbosari Furkan Metin ma’lum qildi.
"Turkiya 1990 yillarda 20 yoshli yigitga o‘xshardi. 45 yoshli Turkiyaning energiyasi 1990 yillardagi 20-25 yoshli Turkiyaning energiyasi bilan bir xil bo‘lmaydi," - deya ta’kidladi u.
So‘nggi yillarda Turkiya aholisi o‘sish sur’atlarining sezilarli darajada sekinlashgani mamlakat demografik tuzilmasida chuqur va ortga qaytmas o‘zgarishlar yuz berishidan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, tug‘ilishning pasayishda davom etishi nafaqat aholi o‘sishini sekinlashtiradi, balki ishchi kuchining qisqarishiga, ijtimoiy ta’minot tizimiga yuklamaning oshishiga, sog‘liqni saqlash va keksalarni parvarish qilish xarajatlarining ko‘payishiga olib keladi.