Tug‘ilish haqida gap ketganda doim e’tibor berilishi kerak bo‘lgan yana bir jihat bu o‘g‘il bolalar hamda qizlar nisbatining qanday o‘zgarayotganligi hisoblanadi. Zero, hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlarda turmush qurush yoshida katta disbalans shakllangan (bunga Xitoy yaqqol misol). Shu sababli tug‘ilishda o‘g‘il bolalar hamda qizlar o‘rtasidagi farq o‘zining tabiiy darajasida (taxminan har 100 ta qizga 105 ta o‘g‘il bola) shakllanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda ikkinchi chorakda har 100 qizlarga 107,4 ta o‘g‘il bolalar dunyoga kelgan. Nisbat birinchi chorakka nisbatan 1,1 bandga oshgan. Lekin ta’kidlash kerakki, birinchi chorak ko‘proq mavsumiy xarakterga ega ya’ni boshqa yillarning ayni birinchi choragida o‘g‘il bolalar hamda qizlar o‘rtasidagi nisbat boshqa choraklarga nisbatan pastroq shakllangan.
O‘tgan yilning mos davri yoki 2024 yilning mos choragi bilan taqqoslaganda esa nisbatan biroz pasayganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Lekin nisbat haligacha o‘zining tabiiy darajasidan yuqori shakllanmoqda.
Respublika darajasida o‘g‘il bolalar hamda qizlar o‘rtasidagi farq o‘zining tabiiy darajasida uqadar yuqori bo‘lmasa-da, tumanlar kesimida keskin farqlarni kuzatish mumkin.
Masalan ikkinchi chorakda Tomdi tumanida tug‘ilgan har 100 ta qizga qariyb 163 ta o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, So‘x (o‘g‘il bolalar 49,1 foizga ko‘proq), Yangiobod (+43,1 foiz), Konimex (+33,8 foiz) kabi tumanlarda nisbatning eng yuqori darajasi qayd etilgan.
G‘ozg‘on shahrida esa tug‘ilgan har 100 ta qizga 65 ta o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, Uchquduq ( tug‘ilishda o‘g‘il bolalar 17,9 foizga kamroq), Nurota (-13,7 foiz), Yangibozor (-13,3 foiz) kabi hududlarda qiz bolalar eng yuqori nisbatda tug‘ilgan.