AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘li Erik Tramp kelgusida davlat rahbari lavozimi uchun nomzodini qo‘yishi mumkinligini istisno etmadi.
U bu haqda Yaponiyaning Nikkei gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Men ‘yo‘q’ demayman, lekin ‘ha’ ham demayman”, — degan Erik Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik saylovlariga nomzod bo‘lish imkoniyatini hech qachon rad etmagan, biroq ayni vaqtda biznes olamidagi faoliyatidan zavq olishini ta’kidlagan. Erik Tramp World Liberty Financial kriptovalyuta kompaniyasini boshqaradi.
Ma’lumot uchun, Donald Trampning o‘zi 5 avgust kuni keyingi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmasligi ehtimolini bildirgan edi. AQSh Konstitusiyasiga ko‘ra, bir shaxs ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi mumkin emas.