AQSh prezidenti lavozimida 100 kun ishlagan Donald Tramp so‘nggi 80 yil ichida Amerika yetakchilari orasida eng past reytingga ega bo‘ldi.
ABC News, Washington Post va Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma ma’lumotlari shundan dalolat bermoqda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning atigi 39 foizi Trampning mamlakatni boshqarishini ma’qullaydi, 55 foizi esa prezident ishidan noroziligini bildirgan. Xususan, so‘rovda qatnashganlarning ko‘pchiligi iqtisodiyotning holatidan xavotirda: 73 foizi iqtisodiyot yomon ahvolda deb hisoblaydi.
Shunday qilib, respondentlarning 71 foizi narxlarning oshishiga Tramp tomonidan joriy etilgan import bojlari sabab bo‘lganini aytmoqda. AQSh prezidentining iqtisodiyot uzoq muddatli istiqbolda mustahkamroq asosga ega bo‘ladi, degan fikriga faqat 31 foiz respondent qo‘shiladi.
So‘rov ishtirokchilarining aksariyati - 58 foizi davlat rahbarining hukumat hajmi va rolini qisqartirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ortiqcha deb hisoblaydi, 56 foizi u o‘z vakolatlarini asossiz ravishda oshirib yuborganini ta’kidlaydi, 55 foizi Tramp ma’muriyatining fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga sodiqligiga shubha qiladi.
Shu bilan birga, respondentlarning 67 foizi tug‘ilish huquqi bo‘yicha fuqarolikni bekor qilishga, 66 foizi ta’lim vazirligining yopilishiga qarshi chiqdi.
Xalqaro munosabatlarga kelsak, so‘ralganlarning 49 foizi Tramp AQShning dunyodagi yetakchiligini mustahkamlagandan ko‘ra, zaiflashtirgan, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, respondentlarning 34 foizi uning siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.
So‘rovnoma 2025 yil 18-22 aprel kunlari ingliz va ispan tillarida 2 ming 464 nafar katta yoshli tasodifiy milliy tanlanma o‘rtasida o‘tkazildi. Natijalar xatoligi plyus-minus 2 foizni tashkil qilishi mumkin.