Donald Trampning tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini olishga bo‘lgan intilishidan Yevropa davlatlari uning Ukraina bo‘yicha pozisiyasiga ta’sir ko‘rsatish vositasi sifatida foydalanishi mumkin, deb yozdi The Economist.
Garchi Norvegiya Nobel qo‘mitasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazish deyarli imkonsiz bo‘lsa-da, Tramp nomzodini ilgari surishning o‘ziyoq AQSh prezidenti bilan munosabatlarni yaxshilashga qodir diplomatik ishora bo‘lishi mumkin.
AQSh prezidenti bu mukofotni olishni qanchalik istayotganini ochiq aytmayotgan bo‘lsa-da, uning o‘zi va jamoasi muntazam ravishda Trampning xalqaro tinchlikparvarlik sohasidagi yutuqlariga e’tibor qaratib keladi. Xususan, Tramp oltita xalqaro nizoni hal qilishda ishtirok etganini o‘zi faxr bilan aytgan. Rossiya-Ukraina urushini bartaraf etish orqali esa u «jannatga kirishga» umid qilmoqda.
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga Tramp nomzodini ilgari surganlar: Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Kamboja bosh vaziri Xun Sen, Gabon prezidenti Brays Oligi Ngema, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu, Pokiston hukumati, Ruanda tashqi ishlar vaziri Olive Nduxungirexe. Bu ro‘yxatga Yevropa yetakchilari qo‘shilishi Trampning imkoniyatlarini qanchalik oshirishini vaqt ko‘rsatadi.