AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘illari — Erik va kichik Donald Qozog‘istonda volfram qazib oluvchi kompaniyaning ulushini sotib olishdi.
Financial Times nashrining o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, mazkur kelishuv o‘tgan yilning avgust oyida amalga oshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Erik va kichik Donald dastlab Skyline Builders qurilish guruhidan ulush sotib olishgan. Keyinchalik ushbu guruh Kaz Resources kompaniyasining 20 foizlik ulushiga ega bo‘lgan. Soddaroq qilib aytganda, Kaz Resources va unga aloqador bo‘lgan Cove Kaz Capital tuzilmasi Skyline bilan birlashgan.
«Yangi tashkil etilgan kompaniya Nasdaq birjasida Kaz Resources tikeri ostida savdo qilishni rejalashtirmoqda. Birlashuv haqidagi press-relizda aka-uka Tramplarning ismi tilga olinmagan», — deyiladi maqolada.
Kichik Donald Trampning vakili esa uning shunchaki passiv investor ekanini va kompaniyaning operasion faoliyatida ishtirok etmasligini ta’kidladi. Shuningdek, u Trampning o‘g‘li o‘z investisiyalari manfaati yo‘lida federal hokimiyat organlari bilan hech qanday aloqa o‘rnatmasligini aytib o‘tdi.