Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning sof boyligi 2024 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan beri 2,7 milliard dollarga oshib, 7,3 milliard dollarga yetgan.
Nashr Tramp boyligining o‘sishida kriptovalyuta loyihalari va umumiy qiymati taxminan 2,4 milliard dollar bo‘lgan likvid aktivlar asosiy manba bo‘lganini qayd etgan. Xususan, Tramp 709 million dollarlik mem-tokenlar va 338 million dollarlik World Liberty Financial tokenlariga ega. Uning steyblkoyn biznesi esa 233 million dollarga baholangan.
Tramp AQShda 10 ta golf maydoni, Mar-a-Lago klubi, Trump National Doral Miami golf kurorti va Yevropadagi uchta ko‘chmas mulkka ega. Forbes ularning umumiy qiymatini 1,8 milliard dollar deb baholagan. Shuningdek, Tramp ko‘chmas mulkka 1,1 milliard dollar sarmoya kiritgan. Uning asosiy aktivlari orasida Nyu-York va San-Fransiskodagi ikki ofis majmuasidagi ulushlar, Trump Tower va Trump Park Avenue binolari bor.
Tramp, shuningdek, Truth Social ijtimoiy tarmog‘i egasi bo‘lgan Trump Media and Technology Group kompaniyasida 1 milliard dollarlik ulushga ega. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2024 yilda 3,7 million dollar daromad olgan, biroq 712 million dollar zarar ko‘rgan.
Oq uy rahbarining boshqa aktivlari taxminan 700 million dollarga baholanadi. Ular qatoriga boshqaruv biznesi, vertolyot va samolyot, farzandlariga berilgan 5 million dollarlik kreditlar hamda 2 million dollarlik pensiya jamg‘armalari kiradi.
Shu bilan birga, Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning sof boyligi so‘nggi bir yilda 300 million dollarga kamaygan. Bundan tashqari, u sud ishlari bo‘yicha 94 million dollar to‘lashi kerak.