AQSh prezidenti Donald Tramp noyabr oyidagi oraliq saylovlarda demokratlar g‘alaba qozonsa, unga nisbatan impichment jarayoni boshlanishi mumkinligini aytdi.
Tramp Oklaxoma shtatida tarafdorlari bilan uchrashuvda demokratlar uni lavozimidan chetlatishga urinishiga ishonch bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, demokrat kongressmenlardan biri ham unga impichment e’lon qilinishi mumkinligini aytgan.
Tramp, shuningdek, respublikachilarni saylovlarda uning nomi byulletenda bordek tasavvur qilishga chaqirdi. Uning fikricha, o‘zi saylovda ishtirok etganida saylovchilar faolroq ovoz beradi.
AQShda oraliq saylovlar 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Vakillar palatasining yangi tarkibi saylanadi va Senatdagi 33 o‘rin taqdiri hal qilinadi.
Hozirda AQSh Kongressining har ikki palatasida respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etmoqda.