AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuni sud jarayonlaridan ozod etishni yana bir bor talab qildi. Uning ta’kidlashicha, Netanyahu muhim davlat ishlari bilan band va sudlarda kunu tun qatnashishga vaqtini sarflashi mumkin emas.
Tramp bu haqda o‘zining Truth Social sahifasida yozib qoldirdi.
«Netanyahu AQSh yordamida ulkan g‘alabaga erishdi va Eron yadroviy tahdididan qutuldi. U hozir XAMAS tomonidan asirga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muhim muzokaralar olib bormoqda. Uni bu ishdan chalg‘itishga haqimiz yo‘q», — deb ta’kidladi Tramp.
Shuningdek, u AQSh Isroilga milliardlab dollarlik yordam ko‘rsatayotganini eslab, qattiq bayonot berdi:
«Biz buni toqat bilan qabul qilmaymiz», — dedi u tahdidomez tarzda.
Tramp o‘z bayonotini quyidagi chaqiriq bilan yakunladi:
«Netanyahuni darhol qo‘yib yuboringlar. Uning zimmasida juda muhim ishlar bor».