Bugun 19 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Tramp o‘z «devor»ini qurishning noinsoniy usulini topdi

A A A
Tramp o‘z «devor»ini qurishning noinsoniy usulini topdi

Prezident Donald Trampning AQSh – Meksika chegarasida devor barpo etishga qaratilgan urinishlari barchaga ma’lum. U chegara bo‘ylab hovuz qurish hamda shu hovuzni yirtqich timsohlar bilan to‘ldirish haqidagi bayonotlari bilan barchani hayratga ham solgan. Umuman, mazkur bayonot Qo‘shma Shtatlarning chegarani to‘liq qamrab olish uchun jismoniy zaxirasining yetishmasligini anglatadi. Shundan kelib chiqib, Tramp bu devorni barpo etish borasida yaqinda butkul yangi uslubga – insoniylikdan uzoq boshpana siyosatiga murojaat qildi, deydi "azon.uz".

Yanada aniqroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, Tramp ma’muriyati o‘z mamlakatidan qochib, AQShdan boshpana so‘rayotganlar murojaatini ko‘rib chiqish bo‘yicha shafqatsiz tizimni barpo etdi. Shunda prezidentning Meksika chegarasi bo‘ylab qurilajak «devori» quyidagilardan tashkil topadi: AQShdan boshpana so‘rab murojaat qilayotganlarning kunlik miqdorini cheklash, ularning boshpana bo‘yicha arizalari ko‘rib chiqilgunga qadar Meksika hududida saqlab turishni nazarda tutuvchi protokol hamda AQShdan boshpana so‘rashdan oldin muhojirlarning murojaat etishi talab qilinuvchi Xavfsiz uchinchi davlat shartnomasi.

Men ushbu siyosatning yordam va himoyaga muhtoj odamlarga naqadar ta’sir ko‘rsatishiga guvoh bo‘layotgan odamman.

Shu yil boshida men Tixuanadagi (Meksika chegarasi) tadqiqotlarda shifokorlar guruhiga boshchilik qildim. U yerda biz boshpana izlovchilar bilan o‘z uylarini tashlab, AQShdan himoya izlashlariga majbur qilgan sabablar haqida suhbatlashdik. Bizning barcha tadqiqot natijalarimiz shu oy boshida nashr etilgan hisobotimizda ham mujassamlashtirilgan. Unda boshpana ilinjida AQSh hukumatiga murojaat qilayotganlarning kuchli jismoniy va ruhiy tazyiqlarga duchor bo‘lgani mufassal yoritilgan. Mavjud tibbiy xulosalar ham ushbu fikrlarimizni tasdiqlaydi. 

Bir so‘z bilan aytganda, Tramp ma’muriyatining boshpana berish siyosati shikastlangan bu odamlarning battarroq azoblanishidan boshqa narsaga yarayotgani yo‘q.  AQSh chegara yaqinida tom ma’noda devor qura olmadi, shuning uchun dunyoning turli burchaklaridan Qo‘shma Shtatlardan panoh izlab yo‘lga chiqqan minglab boshpana izlovchilarni chegaraning Meksika tomonida qolib ketishini uyushtirdi. Ya’ni Amerika doimiy ravishda ko‘payib boruvchi muhojirlar qarorgohlari, boshqacha qilib aytganda, qochqinlar lagerlarini yaratdi. Hozirda Meksika chegarasida 60 mingga yaqin boshpana izlovchilar zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlariga duchor bo‘lmoqda.

Tramp devorining muhim tarkibiy qismi bu AQShdan boshpana izlash uchun ariza topshirishi mumkin bo‘lganlarning bir kunlik miqdorini keskin cheklashga asoslangan amaliyot hisoblanadi. Masalan, San-Didro-Tixuana portida 2018 yilda kuniga 40 nafardan 100 nafargacha boshpana izlovchilar arizasi qabul qilingan. Bu yil esa ushbu miqdor kuniga atigi 25 tani tashkil etmoqda. Bu esa, shubhasiz, boshpanaga muhtoj odamlarning ro‘yxatdan tobora pastga tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Shulardan biri Natalya (ismi o‘zgartirilgan), biz u bilan Tixiunada suhbatlashgandik.

Natalya Meksikada maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Aytishicha, eri unga har kuni kuch ishlatgan, bolalarini urgan. Oxiri sabr-kosasi to‘lib, Natalya bolalarini olib boshqa shaharga qochib ketadi. Ammo zolim er uni baribir topadi hamda bu qilmishi uchun uni va bolalarini inson tana a’zolari bilan savdo qiluvchilarga sotishini aytib tahdid qiladi. Shundan keyin Natalya oxirgi chora sifatida Tixiunaga kelgan. Biroq boshpana so‘rab murojaat qilmoqchi bo‘lganda unga «navbatda turing» deyishadi. Shundan keyin sho‘rlik Natalya bir necha oy davomida pulsiz va och-nahor holda AQShdan himoya so‘rab murojaat qilishga navbati kelishini kutgan.

Keyin Tramp o‘z devorini uchinchi davlat xavfsizligi to‘g‘risidagi qoidaga binoan balandroq qilib qurdi, unga ko‘ra, AQShga uchinchi mamlakat orqali o‘tadigan boshpana izlovchilar boshpana so‘rab avval o‘sha yerga murojaat qilishlari hamda ular rad javobini berilgachgina AQShga ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi. Bu narsa faqat Meksika fuqarolari uchun istisno qilingan, chunki ular AQSh chegarasiga yetib olishi uchun uchinchi davlat hududidan o‘tishlariga hojat yo‘q.

Masalan, Serxio (ismi o‘zgartirilgan) oilasi Gondurasdagi jinoiy to‘dalar nishoniga aylangach, Gvatemala orqali AQSh chegarasiga qochib keladi. Aytishicha, Gvatemaladayam uni o‘sha jinoiy to‘dalar ta’qib etgan. Xo‘sh, bu holatda Serxio qanday qilib Gvatemaladan siyosiy boshpana so‘rashi mumkin?..

Xullas, ushbu siyosat bir hisobda Trampning Meksika bilan chegarada devor qurish borasidagi tasavvurlarini amalga oshirdi. U janubiy chegaralarda qum va g‘ishtlardan devor qura olmadi, ammo o‘z qarorlari bilan AQShdan boshpana izlovchilarni shu chegara yaqinidagi muqarrar tuzoqqa tushirdi. Bu siyosatning badali o‘laroq esa odamlar jabr ko‘rishi aniq: o‘z mamlakatida ta’qiblardan qochib kelgan minglab odamlar AQSh – Meksika chegarasi bo‘ylab ilojsiz qolmoqda.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, boshqa bir xorijiy mamlakatdan boshpana so‘rash inson huquqlari sirasiga kiradi, bu qoida AQShga ham tegishli. Ammo hozir Amerika hukumatining o‘zi siyosiy maqsadlar yo‘lida insonlarni qurbon qilmaslik uchun bu huquqni himoya qiladigan hukumatga muhtoj bo‘lib turibdi.

Tamarin Nelson

Manba: “Al-Jazira”

Kiritildi: 07:30 24.10.2019. O'qildi: 4038 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik