AQSh prezidenti Donald Trampning ma’lum qilishicha, uning o‘g‘li kichik Donald Tramp Bagama orollarida bo‘lib o‘tgan to‘yining xarajatlarini qisman to‘lab bergan Xalqaro boks assosiasiyasi (IBA) rahbari Umar Kremlyovga pullarni qaytarib bergan.
"Meni tushunishimcha, u qarzni qaytargan", — deya ta’kidladi Tramp jurnalistlar bilan suhbatda. Rossiya hukumatiga yaqin bo‘lgan Kremlyov AQSh prezidentini o‘g‘lining to‘yini moliyalashtirishda ishtirok etishi qanchalik o‘rinli ekani haqidagi savolga javoban, Tramp bu "shubhasiz, joiz" holat ekanini qo‘shimcha qildi.
Kichik Trampning vakili to‘y xarajatlari to‘lab berilganini inkor etmadi va Kremlyovni AQSh prezidenti o‘g‘lining "shaxsiy do‘sti" deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularni "boks va tabiat qo‘ynidagi hordiqqa bo‘lgan umumiy qiziqish zaminidagi faqatgina shaxsiy munosabatlar" bog‘lab turadi.
Avvalroq Axios nashri AQSh Kongressidagi demokratlar kichik Donald Trampning to‘y xarajatlari Kremlga yaqin oligarx tomonidan to‘lanishi bo‘yicha tergov boshlaganini xabar bergandi. Shu bilan birga, AQSh bosh prokurori Todd Blansh uning idorasi Umar Kremlyov tomonidan to‘y xarajatlari to‘lab berilishi holatini tergov qilish uchun hech qanday sabab ko‘rmayotganini ma’lum qilgan.